Aliyev va Pashinyan TIV rahbarlariga tinchlik muzokaralariga tayyorlanishni buyurdi
Olam
−
07 aprel 2022 3547 3 daqiqa
Kecha, 6 aprel kuni Bryusselda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Yevropa Ittifoqi rahbari Sharl Mishel o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar tashqi ishlar vazirlariga tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni topshirdi. Bu haqda Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bryusselda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Armaniston Bosh vaziri va Ozarbayjon Prezidenti Tashqi ishlar vazirlariga ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik muzokaralariga tayyorgarlikni boshlashni topshirdi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida aprel oyi oxirigacha Armaniston-Ozarbayjon chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha hamda chegarada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash vakolatiga ega ikki tomonlama komissiya tuzishga kelishib olindi.
Uchrashuvda Pashinyan Qorabog‘dagi vaziyat va Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bo‘linmalarining so‘nggi harakatlari tufayli yuzaga kelgan gumanitar muammolarga to‘xtalgan.
Shuningdek, 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar, 2021 yil 26 noyabrdagi uch tomonlama bayonotlar, shuningdek, 14 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarbayjon qo‘shinlari Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti javobgarlik zonasiga kirgani haqida bayonot berdi. Yakshanba kuni kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi Baku qo‘shinlarini Qorabog‘ning Farux (Farrux) aholi punktidan olib chiqqani haqida ma’lum qildi.
Biroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi uch tomonlama kelishuv shartlarini buzganini rad etdi. Shuningdek, Farrux qishlog‘idan qo‘shinlar chiqarilganini ham inkor etdi.
Bu orada tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida harbiy holat e’lon qilindi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr