Pashinyan Japarovni Qozog‘iston Prezidenti deb atadi
Olam
−
12:26 1293 1 daqiqa
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan joriy yilning 17 oktyabr kuni COP-17 iqlim konferensiyasida ishtirok etish uchun Yerevanga borgan Sadir Japarovni Qozog‘iston Prezidenti deb atadi. Buning ortidan Davlat protokoli xizmati rahbari Gagik Vanoyan ishdan haydaldi. Bu haqda “Sputnik Armaniston” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pashinyan Yerevanga COP-17 iqlim konferensiyasida ishtirok etish uchun borgan Sadir Japarovni tanishtirar ekan, matbuotga bergan bayonotida uni bir necha bor Qozog‘iston Prezidenti deb atagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Bosh vazir nutqining matnida bosma xatolik bo‘lgan, shu sababli tadbirdan so‘ng Pashinyan sodir bo‘lgan voqeadan noroziligini bildirgan va Gagik Vanoyanni ishdan bo‘shatgan.
Pashinyan buni protokol xizmati rahbarining kamchiligi deb hisoblab, uni vazifasidan ozod etgan. Armaniston hukumatida Bosh vazirning Gagik Vanoyanni lavozimidan ozod etish haqidagi qarori hayrat va muayyan taranglikni keltirib chiqargan.
“Manbalar Vanoyanni faol va o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan inson sifatida tavsiflamoqda hamda bunday xatolik sababli lavozimdan ozod qilish qarori hamma uchun umuman kutilmagan holat bo‘lganini qayd etmoqda”, deb yozadi nashr.
Vanoyan ushbu lavozimni 2022 yilning dekabridan beri egallab kelayotgan edi. Bundan tashqari, u Armaniston Gimnastika federatsiyasi prezidenti lavozimida ham faoliyat yuritadi.
Live
Barchasi