Erdo‘g‘an arazlagan Aliyevni Anqaraga taklif qildi
Olam
−
11:52 1806 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. U Aliyevni Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitiga taklif qildi. Bu haqda Turkiya Prezidentining kommunikatsiyalar boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, suhbatda Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, mintaqaviy va global voqealar muhokama qilingan.
Erdo‘g‘an Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik birodarlik munosabatlariga asoslanganini bildirib, uni yanada rivojlantirish muhimligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat birodarlik rishtalaridan kuch olib, hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti Ozarbayjon mustaqilligining 35 yilligi bilan Ilhom Aliyevni yana bir bor tabriklagan. Erdo‘g‘an Aliyevni joriy yilning 29–30 oktyabr kunlari Anqarada o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitida ishtirok etishga taklif qilgan.
Ikki davlat rahbarining muloqoti Ozarbayjon maktablarida ro‘mol o‘rashga qo‘yilgan cheklovlar sabab Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan bir paytda bo‘lib o‘tgan. Turkiyada ushbu cheklovlar tanqid qilingan, bunga javoban Baku ma’muriyati ham o‘z munosabatini bildirgan edi. Oqibatda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda taranglik yuzaga kelgandi.
Ma’lumot uchun, Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti 29-30 oktyabr kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Turkiyaning 31 nafar fuqarosini “nomaqbul shaxslar” deb e’lon qilgani va ularga mamlakatga kirishni taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.