Qorabog‘dagi to‘siqlar yo‘q qilindi – Aliyev
Olam
−
09 Oktabr 2020
11371Harbiy harakatlar boshlanganining 13-kunida Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha kvo-status jang maydonida o‘zgardi, qarama-qarshilik chizig‘i esa yo‘q qilindi.
Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 9 oktyabr kuni xalqiga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.
“Men kvo-statusni jang maydonida o‘zgartirdim. U yo‘q. Qarama-qarshilik chizig‘i? U ham yo‘q. Biz yorib kirdik va yo‘q qldik. 30 yil Armaniston Qurolli kuchlari qarama-qarshilik chizig‘ini beton konstruksiyalar bilan mustahkamlab keldi. Relef shundayki, biz pasdan yuqoriga ko‘tarilamiz. O‘z o‘zidan bu to‘siqlar ham vayron qilindi. Ozarbayjon askariga hech kim qarshilik qilolmaydi”, degan Aliyev.
Shu bilan birga u yangi to‘siqlar qurilmasligini ta’kidlab o‘tdi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15