Aliyev ash-Sharani Ozarbayjonga taklif qildi
Olam
−
15 fevral 3407 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Suriya o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy)ni Bakuga taklif qildi. Bu haqda uning ash-Sharaga yo‘llagan maktubida so‘z boradi.
Ozarbayjon yetakchisi Ahmad ash-Sharani Suriya Arab Respublikasining o‘tish davridagi prezidenti vazifalarini qabul qilgani bilan tabriklab, Suriya xalqi farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilagan.
Ozarbayjon davlati rahbari rasmiy Baku Ozarbayjon va Suriya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat berishini ta’kidlagan.
“Ozarbayjon mamlakatingiz uchun ushbu muhim o‘tish davrida zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatishga tayyor”, deb ta’kidladi Aliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon-Suriya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun yaxshi imkoniyatlar paydo bo‘lgan. Ilhom Aliyev Ahmad ash-Sharani Ozarbayjonga tashrif buyurishga taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) joriy yil 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi.
Keyinchalik Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron telefon suhbati yakunida Ahmad ash-Sharani Parijga taklif qildi. 12 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Suriyaning o‘tish davri prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr