Alisher Usmonov “Kapitalbank”dagi ulushini ko‘paytirdi
Biznes
−
09 fevral 2022 18065 1 daqiqa
Asli kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning USM holding kompaniyasi shu’ba korxonasi — “Telekominvest” MCHJ “Kapitalbank”dagi ulushini 3,85 foizga ko‘paytirdi. Bu haqda “Toshkent” Respublika fond birjasi ma’lum qildi.
Kecha, 8 fevral kungi birja savdolarida Rossiya kompaniyasi “Kapitalbank”ning 16 493 327 dona aksiyasini yoki ustav kapitalining 3,85 foizini sotib oldi.
Shu tariqa Alisher Usmonovning “Kapitalbank”dagi ulushi 61,54 foizga yoki 263 893 229 donaga yetdi.
Ma’lumot uchun, “Telekominvest” 2021 yilning noyabr oyi oxirida bank aksiyadorlari ro‘yxatiga kirib, 215 mlrd so‘mga qo‘shimcha 65,9 mln dona qimmatli qog‘ozlarni sotib oldi. Shundan so‘ng Usmonov kompaniyasi bankning 16,6 foiz aksiyasiga egalik qilgan.
Bu kelishuvdan keyin, 2021 yilning oktyabr oyidan beri “Kapitalbank”ning 112,49 mln dona aksiyasiga egalik qilib kelayotgan Oybek Tursunovning aksiyalari 41,6 foizga tushdi.
Usmonov kompaniyasi joriy yilning yanvar oyida ham “Kapitalbank”dagi ulushini ko‘paytirgandi. 10 yanvar kungi birja savdolarida Rossiya kompaniyasi “Kapitalbank”ning 32,98 mln dona aksiyasini yoki ustav kapitalining 8,33 foizini sotib oldi.
Shundan so‘ng, 20 yanvarda Oybek Tursunov “Kapitalbank”ning afillangan shaxslari рўйхатидан chiqdi. Bunga uning bank aksiyalaridagi ulushi 20 foizdan kamroqni tashkil qilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.