Alisher Usmonov “Everton”ni qayta sotib olmoqchi – OAV
Sport
−
17:26 1132 2 daqiqa
Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov yana “Everton” klubiga sarmoya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. U Liverpul jamoasiga katta mablag‘ yo‘naltirishni va klub ishlariga qaytishni istamoqda. Bu haqda “talkSPORT” nashri xabar berdi.
Usmonov avval klubning bevosita egasi bo‘lmagan, biroq “Everton”ning sobiq asosiy aksiyadori Farhod Moshiri bilan yaqin biznes hamkorlik aloqalariga ega edi. Moshiri 2016 yilda klubning 49,9 foizlik ulushini sotib olgan va keyinchalik o‘z ulushini 94,1 foizgacha oshirgan.
“Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonovning boyligi 14 milliard dollarga baholanadi. U avvalroq Farhod Moshiri bilan bir vaqtlar Londonning “Arsenal” klubidagi 14,58 foizlik ulushga ham egalik qilgan.
Usmonovga tegishli USM Holdings kompaniyasi 2017 yilda “Everton”ning Finch-Farm mashg‘ulot bazasi nomiga homiylik qilish bo‘yicha besh yillik shartnoma tuzgan. Shuningdek, Usmonov bilan bog‘liq MegaFon kompaniyasi klubning ayollar jamoasiga ham homiylik qilgan. Biroq 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin klub Usmonov bilan bog‘liq kompaniyalar bilan barcha homiylik kelishuvlarini to‘xtatgan edi.
2024 yil dekabr oyida “Everton”ning nazorat paketi AQSHning “Fridkin Grup” kompaniyasiga sotildi. Kompaniya klubning 99,5 foizlik ulushini qo‘lga kiritdi.
Jurnalist Alan Brazilning aytishicha, Usmonovning klubga qaytish ehtimoli haqida ma’lumotlar bor, ammo bu xabarni hozircha rasman tasdiqlab bo‘lmaydi. Bundan tashqari, biznesmenga nisbatan Buyuk Britaniyada joriy etilgan sanksiyalar va aktivlarini muzlatish choralari uning klubga sarmoya kiritish imkoniyatiga ta’sir qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, hozirda “Everton” klubi egasi – The Friedkin Group (TFG) jamoani sotishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikalik milliarder Ilon Mask ham “Everton”ni sotib olish uchun ehtimoliy nomzod sifatida tilga olinayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi