Alisher Qodirov o‘zbekistonliklarni zudlik bilan Rossiyani tark etishga chaqirdi

Jamiyat

image
Rossiyaning O‘zbekiston bilan bog‘liq qanday rejalari borligi ochiqlandi north_east

Rossiyaning O‘zbekiston bilan bog‘liq qanday rejalari borligi ochiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiyada bo‘lib turgun o‘zbekistonlik migrantlarni mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi. 

Uning “ishoning” deya urg‘ulashicha, Rossiyada bundan buyon vaziyat oy sayin faqat yomonlashadi. 

“Rus maxsus xizmatlari Markaziy Osiyoliklarni Rossiyada kutilayotgan notinchliklarning faol ishtirokchisi sifatida taxmin qilmoqda, shu sababli ulardan keladigan foydadan allaqachon kechib bo‘lingan”, deydi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbekistonlik migrantning OMON tomonidan do‘pposlab o‘ldirilganiga ishora qilib.  

Alisher Qodirov birinchi marta Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga mamlakatni tark etishga chaqirib, u yerga ish izlab bormaslik haqida gapirmayapti. Deputat Rossiyaning Ukrainaga nisbatan bosqinini qoralaydigan, o‘zbekistonlik migrantlarga nisbatan mamlakatdagi g‘ayriinsoniy holatlarga keskin munosabat bildiradigan sanoqli faollardan hisoblanadi. U navbatdagi postida yana migrantlarga yuzlanarkan, ularni daromad uchun oilasining ko‘z yoshlariga sabab bo‘lib qolmaslikka chorlagan.  

“Aqlingizni ishlating, Rossiyadan tezroq keting! Hech qanday daromad ota-onalar va farzandlaringizning ko‘z yoshiga arzimaydi!” deydi u. 

Rossiyada o‘ldirilgan o‘zbekistonlik migrant

Rossiyaning Xabarovsk shahrida Samarqanddan bo‘lgan mehnat muhojiri Maxsus maqsadli mobil blok (OMON) tomonidan amalga oshirilgan qiynoq oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Voqea 2025 yilning 12 dekabr kuni sodir bo‘lgan esa-da, uning isi 2026 yilning 2 yanvariga kelib chiqdi. 

Maxsus kuchlar xodimlari kafelardan biriga bostirib kirib, u yerda bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan kuch ishlatgan. Oqibatda ikki nafar fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, koma holatiga tushgan, ulardan biri bir necha kun o‘tib vafot etgan. Ikkinchi jabrlanuvchi haqidagi ma’lumotlar esa rasman tasdiqlanmagan. Hozircha marhumning jasadi O‘zbekistonga olib kelinmagan. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burxonov rasmiy munosabat bildirdi. 

Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Jasadni Vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, hodisa yuzasidan Xabarovsk o‘lkasi Prokuraturasi, tergov boshqarmasi hamda Rossiya TIVning hududiy vakolatxonasiga notalar yuborilib, holatni har tomonlama, xolisona va qonun doirasida o‘rganish so‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing