Rossiyaning O‘zbekiston bilan bog‘liq qanday rejalari borligi ochiqlandi
Olam
−
01 yanvar 53786 3 daqiqa
Rossiya rahbariyatining O‘zbekiston bilan bog‘liq ulkan rejalari bor. Bulardan biri – hayot sifatini yaxshilash. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov o‘zining Yangi yil tabrigida aytib o‘tdi.
“Prezidentlar Vladimir Vladimirovich Putin va Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘rtasidagi ishonchli, ochiq va konstruktiv muloqot yutuqlar va istiqbollar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining barcha sohalari uchun strategik yo‘nalish va yuqori sur’atni belgilaydi”, deyiladi tabrikda.
Erxovning qayd etishicha, 2025 yil Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda boy va samarali davr bo‘lgan, mamlakatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishgan.
Shuningdek, intensiv delegatsiya almashinuvlari ikki tomonlama kun tartibini Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga qaratilgan aniq mazmun bilan to‘ldirish imkonini bergan.
“Bizning oldinda ulkan rejalarimiz bor – hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish, iqtisodiy o‘sish, texnologik rivojlanish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish va hayot sifatini yaxshilash”, deydi diplomat.
Yerxov O‘zbekiston xalqiga tinchlik va barqarorlik, farovonlik va kelajakka ishonch, shuningdek, 2026 yilda yangi yutuqlar va muvaffaqiyatlar tilagan.
O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari
Ma’lumot uchun, tugayotgan yilda Rossiya O‘zbekistonning asosiy hamkor davlati o‘laroq ro‘yxat boshida keldi. Yil boshidan buyon Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin, Hukumati Raisining o‘rinbosarilari Denis Manturov, Marat Xusnullin, Aleksandr Novak, Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin, Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov kabi rasmiylar O‘zbekistonga kelib, Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan jami 10 ta telefon muloqotini amalga oshirdi. Davlat rahbarlari 8-9 may kunlari Ikkinchi Jahon urushi tugaganining 80-yilligi munosabati bilan Moskvada o‘tkazilgan tadbirlar, 30 avgust – 3 sentyabr kuni Xitoyda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti va G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirla, 9-10 oktyabr kunlari Tojikistonda o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi, 27 iyun kuni Belerusda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishi, 21-22 dekabr kuni Sankt-Peterburgda o‘tgan YeOII sammiti va MDH norasmiy uchrashuvida doirasida muloqotlar o‘tkazgan.
2025 yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 30,9 mlrd AQSH dollarni tashkil etgan bo‘lib, 4 mlrd dollarlik hissa bilan Rossiya ro‘yxatning boshida kelmoqda. Umuman, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 16,2 foizi Rossiya bilan bog‘liq. Sayyohlar tashrifi bo‘yicha Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan keyingi o‘rinda turgan Rossiyadan yanvar-noyabr oylarida 923,8 ming nafar turist kelgan. O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 17,9 mingtaga yetgan bo‘lsa, shundan 3 209 tasi Rossiya chekiga tushgan.
Ammo AQSH va Yevropa mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida qator o‘zbekistonlik tadbirkorlar va biznes sub’ektlarni Rossiya bilan iqtisodiy hamkorligi uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishda davom etmoqda. Masalan dekabr oyida Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International, Raw Materials Cellulose kompaniyalari, shuningdek, Toshkentda tug‘ilgan Rustam Mo‘minov Britaniya qora ro‘yxatiga kirdi. Noyabr oyida Rustam Mo‘minov nomi Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketida ham tilga olingandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatnomasida mamlakatning kelgusidagi asosiy sheriklari nomini aytarkan, ro‘yxat avvalida Rossiyani tilga oldi.
Live
Barchasi