Aka-uka Teytlar sud qaroriga qadar AQSH qamog‘ida qoladi
Olam
−
09:51 1001 3 daqiqa
Endryu va Tristan Teytlar Buyuk Britaniyaga ekstraditsiya qilinishiga qarshi chiqar ekan, hozircha Mayamidagi federal qamoqxonada qoladi. Sudya Loren Lui ularni garov evaziga ozod qilish masalasi bo‘yicha qarorni darhol chiqarmadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 27 avgust kuni Mayami federal sudida bo‘lib o‘tgan eshituvda sudya aka-uka Teytlarning garov evaziga ozod etish haqidagi iltimosini ko‘rib chiqqan, ammo yakuniy qarorni keyinroq e’lon qilishini bildirgan. Shu sababli ular sud qarori chiqqunga qadar federal qamoqda qoladigan bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, Teytlar qo‘llariga kishan va oyoqlariga zanjir taqilgan holda AQSH marshallari tomonidan sud zalidan olib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, aka-ukalar Buyuk Britaniya ularni ekstraditsiya qilishni so‘raganidan keyin 18 iyul kuni Mayamida hibsga olingan. AQSH va Britaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan aka-ukalar o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni inkor etmoqda. Sobiq kikbokschilar erkaklik va boylik haqidagi qarashlarini targ‘ib qiluvchi kontenti orqali internetda katta auditoriya to‘plagan. 39 yoshli Endryu Teyt avval o‘zini ayollarga nisbatan nafrat bilan munosabatda bo‘luvchi shaxs sifatida ta’riflagan.
Teytlar internetdagi obrazini himoya qildi
Bildirilishicha, federal prokurorlar Teytlar ozod qilinsa, jamiyat uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan. Aka-ukalar sudda ko‘rsatma berganidan so‘ng prokuror Ebbi Uoksman Endryu Teytning noaxloqiy mazmunidagi videosini namoyish qilgan.
“Ular ayollarga nisbatan nihoyatda kuchli zo‘ravonlikni targ‘ib qiladi. Bu obraz emas, ularning o‘zi”, degan Uoksman.
Mayami prokuraturasining ma’lum qilishicha, Teytlar 2014 yildan boshlab veb-kam pornografiya biznesida ishlash uchun o‘nlab ayollarni jalb qilgan. Keyinchalik ular “Hustler's University” deb nomlangan onlayn kurslarni ham tashkil etgan.
27 avgust kuni sudda ko‘rsatma bergan Teyt aka-ukalari esa internetdagi qo‘pol bayonotlari shunchaki obraz ekanini ta’kidlagan.
“Men buni erkaklarni befarqlikdan chiqarish uchun qilaman”, degan u.
38 yoshli Tristan Teyt esa akasi yaratgan g‘ayrioddiy komediya kontenti uning tez tarqalishiga sabab bo‘lishini aytgan.
“U dunyoda o‘zini o‘ynayotgan obrazi uchun baholanadigan yagona inson”, degan Tristan Teyt.
Endryu Teytning ayoli ham sudda gapirdi
Qayd etilishicha, Endryu Teytning farzandlaridan birining onasi Natasha Sesey ham sudda ko‘rsatma bergan. U Endryu Teytning internetdagi ba’zi provokatsion bayonotlari uning haqiqiy shaxsiyatini aks ettirmasligini aytgan.
“Internetda ko‘radigan inson bilan men tanigan inson o‘rtasida juda katta farq bor”, degan Sesey.
U kelasi oy Teytning yana bir farzandini dunyoga keltirishini ma’lum qilgan.
Prokuror Uoksmanning savollariga javob berar ekan, Sesey Endryu Teyt Dubaydagi uyi, shuningdek, qimmatbaho sumka, poyabzal va zargarlik buyumlari uchun pul to‘laganini tan olgan.
Britaniyadagi ayblovlar 7 yillik davrni qamrab oladi
Aka-uka Teytlarni Buyuk Britaniyaga ekstraditsiya qilish masalasini hal etish jarayoni bir necha oy davom etishi mumkin. Sud hujjatlariga ko‘ra, Britaniya ekstraditsiya bo‘yicha to‘liq so‘rovini AQSH Davlat departamentiga 16 sentyabrga qadar taqdim etishi kerak.
Teytlarning Mayamida hibsga olinishiga Buyuk Britaniya prokuraturasi tomonidan yangi ayblovlar qo‘yilishi sabab bo‘lgan. Ular 2010 yil iyulidan 2017 yil avgustigacha bo‘lgan davrda 4 nafar jabrlanuvchiga nisbatan sodir etilgan deb taxmin qilinayotgan jinoyatlarda ayblanmoqda.
Ularga avval ham Britaniyada 3 nafar jabrlanuvchi bilan bog‘liq zo‘rlash va odam savdosi ayblovlari qo‘yilgan. 2024 yilda Britaniya sudyasi ularni hibsga olish uchun order bergan, ammo Teytlar ushbu ayblovlar bo‘yicha Britaniya sudida hali sud oldiga chiqmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Endryu Teyt va uning ukasi Tristan Teyt Buyuk Britaniyaning ularni zo‘rlash, tajovuz va jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga ko‘maklashish ayblovlari bo‘yicha ekstraditsiya qilish talabiga qarshi kurashar ekan, AQSHdagi qamoqdan ozod etilishni so‘rab sudga murojaat qilishini va ularning sud ishini Marko Rubio ko‘rishi mumkinligi xabar qilingandi.
Live
Barchasi