AQSHning Texas shtatida 11 kishi issiq oqibatida vafot etdi
Olam
−
29 iyun 2023
3862AQSHning Texas shtati Uebb okrugida 11 kishi jazirama issiq oqibatida kelib chiqqan kasalliklardan vafot etdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, to‘xtovsiz jazirama to‘lqini tufayli 90 million amerikalik ogohlantirilgan.
“Bugun sizning oldingizga chuqur qayg‘u bilan keldim. Okrugimizda so‘nggi sakkiz kun ichida to‘qqiz nafar aholimizni bu jaziramadan yo‘qotdik”, deydi okrug tibbiy ekspertiza doktori Korin Stern joriy yilning 27 iyun kuni bo‘lib o‘tgan komissarlar mahkamasi yig‘ilishida. Uning aytishicha, vafot etganlarning yoshi 60 dan 80 gachani tashkil etadi.
Texasliklar so‘nggi haftada issiq bilan birga o‘ta yuqori namlik darajasini ham boshdan o‘tkazmoqda. Uebb okrugi aholisidan esa ko‘proq suv ichish, yaqinlar, do‘stlar, qo‘shnilar holidan xabar olish so‘ralyapti.
“Bu yerda biz oldin ko‘rmagan jazirama kuzatilyapti. Issiq urishi oqibatidagi o‘lim baxtsiz hodisa sifatida qabul qilinadi va baxtsiz hodisalar, ta’rifiga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan holatlardir. Bu o‘limlarning barchasining oldini olish mumkin edi. Iltimos, qo‘shnilaringizning holidan xabar oling”, deydi Stern.
Ta’kidlanishicha, issiq ob-havo oqibatida vafot etganlarning soni muhojirlarni o‘z ichiga olmaydi. Biroq, xabarlarga ko‘ra, so‘nggi haftada muhojirlar orasida jazirama bilan bog‘liq o‘limlar soni ortgan. Shuningdek, Meksika shimolidagi Tamaulipas shtatida 21 kishi issiqdan vafot etgan.
Havo haroratining ko‘tarilishi elektr energiyasi iste’moli miqdorining ham oshishiga sabab bo‘lgan. 27 iyun kuni Texas aholisining elektr iste’moli rekord darajaga yetgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir haftadan ko‘proq vaqt davomida Texasga ta’sir qilgan issiqlik to‘lqini shimolga va sharqqa qarab kengaymoqda. Kelgusi olti kun ichida 150 dan ortiq issiqlik rekordlari yangilanishi mumkinligi aytilyapti. Memfis shahridagi Milliy ob-havo xizmati havo harorati 29-30 iyun kunlari 43 dan 46 darajagacha yetishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Kecha, 28 iyun kuni 37,7 darajali issiq havo oqimi Texas shimolidagi Oklaxoma va Kanzas shtatlariga, shuningdek, sharqda Arkanzas va Luizianaga tarqalgan. Meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Oklahoma Siti shahrida 41 darajali issiqlik kuzatilmoqda. Bu shahar uchun rekord hisoblanadi.
Issiqlik ogohlantirishlari Kolorado va Kaliforniya shtatlarida ham joriy qilingan. Koloradoning janubi-sharqiy qismida havo harorati o‘tgan asrning 90 yillarida qayd etilgan eng yuqori cho‘qqiga – 37,7 darajagacha ko‘tarilishi ma’lum qilingan. Kaliforniyada esa 43 darajagacha jazirama kuzatilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, AQSHda har yili 600 dan ortiq odam haddan tashqari issiqdan halok bo‘ladi. Mutaxassislar bunday ob-havoda ko‘proq suyuqlik ichish, bolalar va uy hayvonlarini mashinada qarovsiz qoldirmaslik, issiq o‘tib ketishini salqin va pana joyda kutishni tavsiya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda rekord darajada issiq kuzatilayotgani, Hindistonda esa anomal issiq oqibatida 166 kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Moskvada issiq tufayli xavfning “olovrang” darajasi e’lon qilingandi.
LiveBarchasi