AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalari allaqachon tayyor – Trampning odami

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi allaqachon tayyorlanganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 3 iyun kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Unga ko‘ra, ushbu tashabbus ustida senator Lindsi Grem (Janubiy Karolina shtati, respublikachi) va senator Richard Blumental (Konnektikut shtati, demokrat) ishlagan.

Kelloggning aytishicha, yangi hujjat “2025 yilgi Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun” deb nomlanadi va “juda og‘ir choralarni” o‘z ichiga oladi. Xususan, Rossiya nefti, gazi, urani va boshqa mahsulotlarini xarid qilayotgan davlatlardan olib kiriladigan tovarlarga 500 foizgacha bo‘lgan boj stavkalarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Trampni ushbu sanksiyalar paketini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirgan. Ushbu sanksiyalar paketi Kongress tomonidan ma’qullangach, uni AQSH Prezidenti Donald Tramp rasman imzolashi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi “sovg‘a” sifatida sanksiyalar paketini tayyorlagani haqida xabar berilgandi. Ushbu choralar bank sohasi va energetika sektoriga nisbatan cheklovlarni o‘z ichiga oladi. Sanksiyalar faqat Prezident Donald Tramp tegishli farmoyish bergan taqdirda kuchga kiradi. Ammo Tramp joriy yilning 19 may kuni rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilmasligini ma’lum qilgandi. Buni u Ukrainadagi urushni tugatish masalasida hali oldinga siljish imkoniyati mavjudligi bilan izohlagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing