AQSHning Iroqdagi harbiy bazasiga ikkinchi marta hujum qilindi
Olam
−
14 mart 2020
8109Bugun, 14 mart kuni AQSHning Iroqdagi Taji harbiy bazasiga raketa hujumi uyushtirildi. Hujum natijasida Iroq havo kuchlarining 3 harbiysi jarohatlandi.
Iroq qo‘shma operatsion qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, AQSH boshchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari joylashgan Taji bazasiga 33 ta Katyusha sinfidagi raketa otilgan. Harbiylar aybdorlarni hibsga olishlarini aytishdi. Hujum uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Avvalroq, joriy yilning 11 mart kuni ayni harbiy bazaga raketa hujumi bo‘lgan edi. Hujum natijasida ikki nafar amerikalik harbiy va bir nafar britaniyalik harbiy halok bo‘lgan. Bu hujumlarda AQSH Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Iroqning shia harbiy guruhlari va Hizbulloh harakatini aybladi.
Bunga javoban rasmiy Vashington Iroqdagi harbiy guruhlarning nishonlariga havo zarbalari berdi. Oqibatda olti nafar iroqlik halok bo‘ldi.
Bugun Iroq harbiylari parlamentdan AQSH va boshqa xorijiy kuchlarni mamlakatdan chiqarib yuborish haqidagi rezolyutsiyani qabul qilishni so‘radi. Bunga sabab qilib AQSH oxirgi hujumini Iroq hukumati ruxsatisiz amalga oshirgani ko‘rsatilmoqda.
Kecha, 13 mart kuni Iroq AQSHning aviazarbalarini qoralab, uni mamlakat suverenitetini buzgani va muntazam Iroq qurolli kuchlariga tajovuz qilishda aybladi.
Shuni aytib o‘tish joizki, so‘nggi vaqtlardagi AQSH va Eron munosabatidagi keskinlik faqat Iroq hududida ro‘y beryapti. Xususan, joriy yilning 3 yanvar kuni Eron Islom inqilobi posbonlari harbiy korpusi generali Qosim Sulaymoniyga AQSH tomonidan qilinga hujum, shuningdek, Eronning bunga javoban AQSH harbiy bazalariga bergan zarbalari Iroq hududida bo‘lib o‘tgan edi.