AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan 44 kishi O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
21 yanvar 3404 1 daqiqa
Bugun, 21 yanvar kuni AQSH hududida noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni deportatsiya qilish maqsadida ushbu davlatning vakolatli idoralari tomonidan yana bir charter reysi amalga oshirildi. Ushbu reysda 44 nafar O‘zbekiston fuqarolari ortga qaytarildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, charter reys AQSHning tegishli hukumat idoralari bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan bo‘lib, uning amalga oshirilishi orqali O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatga xavfsiz va o‘z vaqtida qaytarilishi ta’minlangan.
“Mazkur tadbir O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir muhim namunasidir. Yurtimiz fuqarolarining o‘zga davlatlarda xavfsizligini ta’minlash, ularning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ularni Vataniga qaytarish borasidagi hamkorlik davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning aprel oyida ham AQSH hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolari charter reys orqali ortga qaytarilgandi. Mazkur amaliyot doirasida Nyu-York–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etildi. AQSH mazkur amaliyotni tarixiy deb atab, O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.
2025 yilning sentyabr oyida ham 39 nafar O‘zbekiston fuqarosi AQSHdan deportatsiya qilingani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi