AQSHda erkak to‘yi kuni otib o‘ldirildi
Olam
−
17 Oktabr
15504AQSHning Shimoliy Karolina shtatida kuyov o‘zining to‘yi kuni otib o‘ldirildi. Bu haqda “Daily star” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 37 yoshli Tirek Burton voqea sodir bo‘lgan kuni o‘zi bilan 16 yil birga yashagan rafiqasi bilan nikohdan o‘tib, buni nishonlayotgan bo‘lgan. Biroq to‘y kutilmaganda fojiaga aylangan. To‘rt farzandning otasi bo‘lgan Burton o‘ziga mutlaqo begona odam tomonidan otib o‘ldirilgan va turmush o‘rtog‘i ko‘z o‘ngida vafot etgan.
Nashrga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 20:45 da Burton to‘y marosimi bo‘layotgan joydan tashqariga chiqqanida gumonlanuvchi unga 15 marotaba o‘q uzgan. Oila vakillariga ko‘ra, Burton gumonlanuvchining mashinasi yo‘lini kesib o‘tgani uchun o‘ldirilgan. Politsiya voqea sodir bo‘lgan joyga yetib borgan.
Marhumning singlisi Brittaniy Burtonning so‘zlariga ko‘ra, uning akasi avtomobil haydovchisidan yo‘lini kesib o‘tgani uchun kechirim so‘ragan, biroq bir lahzadan so‘ng noma’lum erkak akasiga qarata o‘q uza boshlagan.
“Akam bu odamni umuman tanimasdi, ular hech qachon uchrashmagan. U undan ismini ham so‘ramagan. Ular hech qachon qo‘l ham siqishmagan. U akamni shafqatsizlarcha o‘ldirdi”, dedi Brittaniy.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi Burtonni otganidan so‘ng voqea joyidan qochib ketgan. Uning oilasi gumonlanuvchini qo‘lga olish uchun jamoatchilikdan yordam berishni so‘ramoqda. Politsiya hozirda hodisani tergov qilishga kirishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Alabama shtati Birmingem shahrida sodir bo‘lgan otishma oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, o‘n yetti kishi yaralangan edi.
LiveBarchasi