AQSH Yamanga yana zarba berdi
Olam
−
13 yanvar
6288Amerika qo‘shinlari bugun, 13 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 3:45 da Yamandagi husiylarning radiolokatsion stansiyasiga hujum qildi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar berdi.
Zarba USS Carney aviatashuvchisi tomonidan Tomahawk raketalari yordamida amalga oshirilgan. Harbiylarning ta’kidlashicha, operatsiya Prosperity Guardian alyansi bilan tuzilgan kelishuvlardan mustaqil tarzda o‘tkazilgan.
Husiylarga tegishli “Al Masirah” telekanali AQSH va Buyuk Britaniya harbiy samolyotlari Yaman poytaxti Sanaga yangi havo hujumi uyushtirgani haqida xabar bergan. Biroq rasmiy London Britaniya qurolli kuchlarining yangi zarbada ishtirok etganini hali tasdiqlamadi.
CENTCOM’ga ko‘ra, radarlarga zarbalar husiylarning Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilish qobiliyatini buzish uchun zarur. Ommaviy axborot vositalarida Yaman poytaxti Sanada, Al-Daylami aviabazasi yaqinida, Hodeyda port shahrida portlashlar ovozi eshitilgani, shuningdek, qirg‘oq radarlari va kuzatuv punktlariga hujumlar bo‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 yanvar kuni AQSH va Buyuk Britaniya Yamandagi 60 ta ob’ektga, jumladan radarlar, havo mudofaa tizimlari, omborlar, dron va raketalarni uchirish joylariga hujum qilgandi. Husiylar AQSH va Britaniyaning hujumi oqibatida besh askari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Britaniya va Amerika rasmiylarining aytishicha, bu hujum 2023 yil dekabr oyidan beri tez-tez uchragan Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga qilingan hujumlarga javob bo‘lgan.
AQSH Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Yamandagi zarba Qizil dengizdagi “misli ko‘rilmagan husiy hujumlari”ga javob bo‘lgan va mudofaa xarakteriga ega. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham husiy pozitsiyalariga zarbalari o‘zini himoya qilish uchun qilingan cheklangan va mutanosib harakat ekanini ta’kidladi.
Husiylar esa AQSH va Britaniya qo‘shinlarining Yamanga hujumi G‘arbning G‘azodagi vaziyatdan e’tiborni chalg‘itishga urinishi ekanini da’vo qildi. Ular bu zarbaga qaramay, Qizil dengizdagi Isroil bilan bog‘liq fuqarolik kemalariga hujum qilishda davom etishini bildirdi.
LiveBarchasi