AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun Kongressdan yordam so‘radi 

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden Kongressdan Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam sifatida 33 milliard dollar so‘radi. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni e’lon qilingan Oq uyning yozma bayonotida so‘z borgan.

Ular Ukrainaga xavfsizlik va harbiy yordam, shuningdek, AQSHning NATO ittifoqchilari bilan hamkorlikda Yevropa xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini moliyalashtirish uchun 20,4 milliard dollar jo‘natmoqchi. 8,5 milliard dollar Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga, 3 milliard dollar esa gumanitar yordamga yo‘naltiriladi.  

Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, gap qo‘shimcha artilleriya, tank va havo hujumiga qarshi qurollarni topshirish, kiberxavfsizlikni yaxshilash, havo hujumidan mudofaa tizimi, minalardan tozalash tizimlari haqida bormoqda.  

Baydenning iltimosi AQSHning Ukrainaga sarflagan jami xarajatlarini 9 oy ichida 39 milliard dollarga yetkazishiga qaramay, respublikachilar va demokratlar orasida keng qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda.

Avvalroq, Jo Bayden Kongressga rossiyalik ishbilarmonlar bilan bog‘liq mulklarni musodara qilish va undan tushgan mablag‘ni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga sarflash bo‘yicha takliflar yuboraishi aytilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

10

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing