AQSH Ukrainaga Rossiya kemalarini yo‘q qiluvchi qurollar bermoqchi

Olam

image

Oq uy Rossiyaning dengiz blokadasini yengib o‘tish uchun Ukrainani ilg‘or kemalarga qarshi raketalar bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar bermoqda.

Bu g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishni qayta tiklash imkonini beradi, deb taxmin qilinmoqda. Pentagon hali tasdiqlanmagan yetkazib berishlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmadi.
 
Gap Harpoon va Naval Strike Missile raketalari haqida bormoqda. Ularni AQSHdan yoki bunday qurolga ega Yevropa davlatlarining biridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib o‘tish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, ta’minot qiyin bo‘lishi mumkin. Xususan, qirg‘oqdan Harpoon’larni uchirish uchun platformalar cheklangan. Vashington bu muammoni hal qilish ustida ishlayotgani aytilmoqda.
 
Agentlik manbalari boshqa muammolar qatorida harbiylarni raketalardan foydalanishga o‘rgatish, jihozlarga texnik xizmat ko‘rsatishdagi qiyinchiliklar, raketalarning Rossiya tomonidan egallab olinishi ehtimoli va mojaroning avj olish xavfiga ishora qilmoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir qancha davlatlar Ukrainaga raketa jo‘natishga tayyor, biroq ular Rossiyaning reaksiyasidan qo‘rqib, bu ishni qilgan birinchi va yagona davlat bo‘lishni xohlamayaptilar.
  
AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 19 may kuni ertalab Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. U artilleriya, radar va “jang maydonida allaqachon samarali qo‘llanilgan boshqa jihozlarni” o‘z ichiga oladi. Yangi paketning narxi 100 million dollarni tashkil etadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing