AQSH Ukrainaga ATACMS'dan foydalanishga ruxsat berganini rasman tan oldi
Olam
−
10:40
2495Oq uy Ukrainaning AQSH tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali ATACMS ballistik-taktik raketalaridan foydalanishiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatganini birinchi marta ochiq tan oldi. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi kecha, 25 noyabr kuni ma’lum qildi.
"Vashington ATACMS bo‘yicha "qo‘llanmani o‘zgartirdi" va "biz Ukraina tomoniga raketalardan Rossiya hududidagi ushbu aniq turdagi nishonlarga zarba berish uchun foydalanishi mumkinligi haqida ko‘rsatmalar berdik. Endi ular favqulodda holatlarda o‘zini himoya qilish uchun ATACMS'dan foydalanishlari mumkin. Va hozir aniq sabablarga ko‘ra, bu Kursk viloyatida sodir bo‘lmoqda", deb ta’kidladi Kirbi.
"Men ukrainaliklarning o‘zlariga ATACMS va nishonga olish tartib-qoidalaridan qanday foydalanishayotgani, undan nima uchun foydalanishayotgani va u qanchalik yaxshi ishlayotgani haqida aytib berishni so‘ragan bo‘lardim", deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, Amerika matbuoti 17 noyabr kuni Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat bergani haqida xabar berdi. Analogik qarorlar Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan ham qabul qilingani aytildi. Biroq bu xabarlar rasman tasdiqlanmagandi.
Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyati Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida zarba bergandi. Bu bilan Ukraina Rossiyadagi nishonlarga nisbatan birinchi marta uzoq masofali Amerika raketalarini qo‘lladi. 20 noyabrda esa Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi nishonga birinchi marta Britaniyaning Storm Shadow raketalarini otgani xabar qilindi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, Moskvaning javobi adekvat va aniq bo‘lishini bildirgandi. 21 noyabr kuni Rossiya o‘zining o‘rta masofali “Oreshnik” ballistik raketasini Ukrainadagi ob’ektga qarata uchirdi. Kecha, 25 noyabr kuni Ukraina Kursk viloyatiga ATACMS raketalari bilan hujum uyushtirdi.
LiveBarchasi
16:25