AQSH Ukraina va Isroilga yordam so‘rovlarini birlashtirib yubormoqchi – NBC
Olam
−
10 Oktabr 2023
5698Amerika ma’muriyati Ukraina uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va Isroilga yordam so‘rovlarini birlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSH hukumati va Kongressdagi manbalariga tayanib, NBC telekanali xabar berdi.
Kiyevga keyingi yordam ko‘rsatish tarafdori bo‘lgan qonunchilarning fikricha, bu yondashuv Amerika qonun chiqaruvchi organi Vakillar palatasi va Senatdagi respublikachilar o‘rtasida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga qarshiliklarni yengib o‘tadi. Ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyatning yomonlashuvi fonida Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ so‘rash Kapitoliy tepaligida jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmasligi va ma’qullanishi mumkin.
Amerika ma’muriyatidagi manbaga ko‘ra, Oq uy hali ham Ukraina va Isroilga yordamni bog‘lashning siyosiy maqsadga muvofiqligini baholamoqda. Uning ta’kidlashicha, har qanday holatda ham yakuniy qaror Kongressda qoladi.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi esa Bayden ma’muriyati Ukraina uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish so‘rovini tasdiqlashni davom ettirishini ma’lum qilgan. Bildirilishicha, agar kerak bo‘lsa, Oq uy qonunchilarga Isroilga nisbatan ham xuddi shunday so‘rov yuboradi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 oktyabr kuni AQSH Kongressi federal hukumat yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Ukrainaga yordam ko‘rsatishni nazarda tutmaydigan 45 kunlik (17 noyabrgacha) byudjet loyihasini qabul qilgan. Oq uy va Kongressdagi demokratlar Kiyevga ko‘makni to‘xtatishni xohlamasa-da, respublikachilar bunga to‘sqinlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
LiveBarchasi