AQSH Oliy sudi Trampning talabini qondirdi 

Olam

image

AQSH Oliy sudi Kolorado rasmiylarining AQSH sobiq prezidenti Donald Trampga ushbu shtatdagi dastlabki saylovlarda ishtirok etishini taqiqlagan qarorini bekor qildi. Oliy sudning to‘qqiz nafar sudyasi Trampning apellyatsiya shikoyatini bir ovozdan qanoatlantirdi. Bu haqda kecha, 4 mart kuni AQSH Oliy sudi ma’lum qildi.

Oliy sud qarori Trampning boshqa shtatlar – Men va Illinoys shtatlaridagi boshlang‘ich saylovlarda ishtirok etishiga qo‘yilgan taqiqlarga ham tegishli. Respublikachilar partiyasidan noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish uchun asosiy da’vogar bo‘lgan sobiq prezident AQSH Oliy sudining qarorini “Amerikaning katta g‘alabasi” deb atadi.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp yanvar oyi boshida AQSH Oliy sudiga Kolorado Oliy sudining 2023 yil 19 dekabrdagi uni 2024 yil 5 martga belgilangan Respublikachilar partiyasining boshlang‘ich saylovidan chetlashtirish to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilgan. 

"Kolorado Oliy sudining qarori Konstitutsiyaga zid ravishda Koloradodagi millionlab saylovchilarni saylov huquqidan mahrum qiladi va ehtimol butun mamlakat bo‘ylab o‘n millionlab saylovchilarni saylov huquqidan mahrum qilish uchun shablon sifatida ishlatilishi mumkin", degan Trampning advokatlari.

Kolorado Oliy sudi Donald Trampga mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatish asosida praymeriz saylovlarida ishtirok etishni taqiqlagan. Bu isyonda qatnashgan shaxslarni fuqarolik va harbiy davlat lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qiladi. 2021 yil yanvar oyida AQSHning sobiq prezidenti tarafdorlari tomonidan Kapitoliyga bostirib kirishi sudyalar tomonidan qo‘zg‘olon sifatida baholangan. Trampning o‘zi Kapitoliyga bostirib kirishga aloqadorligini rad etadi.

Qayd etish joiz, bugun, 5 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida “super seshanba” deb ataladigan kun bo‘lib o‘tadi, unda partiyalarning praymerizlari bir vaqtning o‘zida 15 shtatda va AQSHning bitta orol hududida bo‘lib o‘tadi. Uning natijalari Tramp va uning yagona raqibi Nikki Xeyli o‘rtasidagi qarama-qarshilikda hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Agar sobiq prezident bu tadbirlarda g‘alaba qozonsa, 20 martga qadar u respublikachilar ovozi uchun kurashda to‘liq g‘alaba qozonganini e’lon qilishi mumkin bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, 3 mart kuni Tramp Vashingtondagi praymerizda yutqazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp saylov Oliy sud praymeriz Kolorado

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing