AQSH olimlari iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi
Olam
−
14 Oktabr
1817Amerikalik olimlar Daron Ajemoglu, Saymon Jonson va Jeyms Robinson 2024 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Nobel qo‘mitasi o‘z qarorini bugun, 14 oktyabr kuni e’lon qildi.
Mukofot Ajemoglu, Jonson va Robinsonga institutlar qanday shakllangani va ularning farovonlikka qanday ta’sir qilishi haqidagi tadqiqotlari uchun berildi.
Daron Ajemoglu Istanbulda arman oilasida tug‘ilgan, Galatasaroy litseyini tamomlagan, York universitetida bakalavr, London Iqtisodiyot maktabida magistr va doktorlik darajasini olgan.
Saymon Jonson Britaniyaning Sheffild shahrida tug‘ilgan, Oksfordni tamomlagan, Manchester universitetida magistrlik darajasini va Massachusets texnologiya institutida doktorlik darajasini olgan. Jeyms Robinson Britaniya fuqarosi bo‘lib, London Iqtisodiyot va Siyosat fanlari maktabida bakalavr, Uorvik universitetida magistr va Yel universitetida doktorlik darajasini olgan.
Ajemoglu va Jonson hozirda Massachusets texnologiya institutida, Robinson esa Chikago universitetida.
Daron Ajemoglu va Jeyms Robinson, boshqa narsalar qatori, mashhur "Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari" kitobining hammuallifi.
2023 yilda iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti Klaudiya Goldinga mehnat bozoridagi ayollarning ahvoli haqidagi tadqiqoti uchun berildi.
Goldin 200 yillik ma’lumotlarni to‘plab, ayollarning daromadlari va o‘sha vaqtdagi mehnat bozoridagi ishtiroki haqida to‘liq ma’lumot berdi, daromad va bandlik darajasidagi gender farqlari qanday va nima uchun o‘zgarganligini tahlil qildi. Uning tadqiqotlari mehnat bozoridagi doimiy gender tafovutining sabablarini tushuntiradi.
Goldin, shuningdek, tug‘ilishni nazorat qilish tabletkalaridan foydalanish mehnat bozorida muhim rol o‘ynaganligini va ayollarga ko‘proq martaba imkoniyatlarini berishini ko‘rsatdi.
Boshqa fanlar bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari
2024 yilda amerikalik olimlar Viktor Ambros va Gari Ravkan “mikroRNKlarni kashf etgani va gen ekspressiyasini transkripsiyadan keyingi tartibga solishdagi roli” uchun tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
"Sun’iy neyron tarmoqlardan foydalangan holda mashinani o‘rganish asosidagi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar" uchun fizika mukofoti amerikalik Jon Xopfild va kanadalik Jefri Xintonga berildi.
Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik Devid Beykerga, shuningdek, britaniyalik Demis Xassabis va Jon Jumperga oqsil tuzilishini o‘rgangani uchun berildi. Adabiyot mukofoti g‘olibi janubiy koreyalik yozuvchi Xan Gang bo‘ldi, tinchlik mukofoti esa Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki atom bombasi portlashlari qurbonlari tashkilotlari kengashi Nixon Xidankyoga berildi.
LiveBarchasi