Kimyo bo‘yicha Nobel sovrindorlari aniqlandi

Olam

image

Amerikalik Devid Beyker va britaniyaliklar Demis Xassabis va Jon Jamper 2024 yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda mukofotni topshiruvchi Stokgolmdagi Qirollik Karolinska tibbiy-jarrohlik instituti xabar berdi.

Olimlarga mukofot sun’iy intellektdan foydalanib, oqsillar tuzilishini aniqlagani va yangi turlarni yaratishdagi ishlari uchun taqdim qilindi. Jumladan, ikki qismga bo‘lingan mukofot Demis Xassabis va Jon Jamperga sun’iy intellektdan foydalanib, deyarli barcha ma’lum bo‘lgan oqsillarning tuzilishini aniqlay olgani uchun, Devid Beykerga esa butunlay yangi oqsillarni yaratishga imkon beruvchi ishlari uchun taqdim qilingan.

Umuman olganda, 1901 yildan beri kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti 115 marta berilgan. 2023 yil holatiga ko‘ra, u 192 laureatga topshirildi. Frederik Senger (1958 va 1980) va Barri Sharpless (2001 va 2022) ikki marta mukofotlanganidan beri 190 kishi mukofot oldi. Eng yosh laureat fransuz Frederik Jolio-Kyuri (1935 yilda 35 yosh), eng yoshi kattasi amerikalik Jon Gudenaf (2019 yilda 97 yosh) bo‘lib qolmoqda.

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti 11 million shved kronasini (taxminan 900 ming yevro) tashkil etadi.

Kimyo bo‘yicha o‘tgan Nobel mukofoti sovrindorlari

2023 yilda uch nafar amerikalik olim kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ular – Mungi Bavendi (Massachusets texnologiya instituti), Luis Bryus (Kolumbiya universiteti) va rossiyalik Aleksey Ivanovich Yekimov (Nanocrystals Technology Inc). Mukofot ularga kvant nuqtalarini kashf etgani va sintez qilgani uchun berilgan.

2022 yilda amerikaliklar Karolin Bertotssi va Barri Sharpless, shuningdek, daniyalik Morten Meldal molekulalarni yaratish vositalarini ishlab chiqish uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari bo‘ldi. Mukofot ularga klik kimyosi va bioortogonal kimyo usullarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun topshirilgan.

2021 yil uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari germaniyalik Benyamin List va Britaniyada tug‘ilgan amerikalik olim Devid Makmillandir. Ular ushbu mukofotga assimetrik organokatalizni rivojlantirish uchun sazovor bo‘lgan.

Nobel haftaligi davom etmoqda

Joriy yilning 7 oktyabr kuni fiziologiya va tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha sovrindorlar nomi e’lon qilingani bilan Nobel haftaligi ochildi. Mukofot Viktor Ambros va Gari Ravkunga mikro RNKlarni kashf etgani uchun berildi. Kecha, 8 oktyabr kuni amerikalik Jon Xopfild va kanadalik Jefri Xintonga “sun’iy neyron tarmoqlardan foydalangan holda mashinani o‘rganish asosidagi fundamental kashfiyotlar va ixtirolari” uchun fizika bo‘yicha 2024 yilgi Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Ertaga, 10 oktyabrda esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e’lon qilinadi. 11 oktyabr kuni Osloda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, 14 oktyabrda esa Shvetsiya banki tomonidan 1968 yilda ta’sis etilgan iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel mukofoti laureati nomi e’lon qilinadi.

Mukofotlar 1901 yildan beri berilib kelinmoqda

Besh xil Nobel mukofoti (fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik mukofoti) dinamit ixtirochisi Alfred Nobelning irodasi bilan ta’sis etilgan va 1901 yildan beri berilib kelinmoqda. 1969 yildan boshlab, Shvetsiya banki tashabbusi bilan Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha Nobel mukofoti norasmiy ravishda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti deb ham ataladi. Tinchlik uchun Nobel mukofoti Norvegiya poytaxti Osloda, qolganlari Shvetsiya poytaxti Stokgolmda topshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' mukofoti Stokgol'm Demis Xassabis Devid Beyker Jon Jamper Kimyo bo'yicha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing