Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi
Olam
−
07 Oktabr
58892024 yil uchun fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Ambroz va Gari Ruvkunga mikro RNKlarni kashf etgani va ularning gen ekspressiyasini transkripsiyadan keyingi tartibga solishdagi rolini o‘rganishi uchun berildi. Bu haqda bugun, 7 oktyabr kuni Shvetsiya poytaxtida ushbu mukofotni topshiruvchi Stokgolmdagi Qirollik Karolinska tibbiy-jarrohlik instituti ma’lum qildi.
Hozirda mukofot miqdori 11 million shved kronasini (taxminan 900 ming yevro) tashkil etadi. Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti jami 114 marta berilgan bo‘lib, 2023 yilgacha 227 nafar g‘olib aniqlangan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Pensilvaniya universiteti (AQSH)dan Dryuv Vaysman va Katalin Karikoga berilgan. Ularning ishlari koronavirusga qarshi mRNK vaksinalarini yaratishga asos bo‘ldi. 2022 yilda shved biologi Svante Pabo tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. U yo‘q bo‘lib ketgan gominidlar genomi va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlari uchun laureat bo‘ldi.
2021 yilda amerikalik tadqiqotchilar Devid Julius va Ardem Pataputian fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ular inson organizmiga harorat va teginishni sezish imkonini beruvchi retseptorlarni kashf etgani uchun mukofotga sazovor bo‘ldi. 2020 yilda gepatit S virusini kashf etishga katta hissa qo‘shgan amerikalik virusologlar Xarvi Alter, Charlz Rays va britaniyalik Maykl Xouton mukofot g‘oliblari bo‘ldi.
LiveBarchasi