Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi
Bu qiziq
−
17:11 806 3 daqiqa
Stokgolmda kimyo sohasidagi Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilindi. 2026 yilda bu mukofotga fransiyalik Anri Kagan va yaponiyalik Kenso Soai sazovor bo‘ldi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular “assimmetrik organik sintezda chiziqli bo‘lmagan effektlar va avtokatalizni kashf etgani uchun” Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi. Laureatlarning ishi shunchaki ko‘zgudosh izomerlarga ega moddalarni olish usullarini ishlab chiqish bilan cheklanib qolmagan – turli izomerlarni tozalashning amaliy usullari bunga qadar ham mavjud edi. Ushbu tadqiqot kimyoviy reaksiyalarda birikmaning u yoki bu ko‘zgudosh variantining ortiqcha miqdori qanday qilib o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkinligini tushuntirishga yordam berdi. Bunday ortiqcha miqdor deyarli faqat fermentlar tomonidan sintez qilinadigan tabiiy birikmalarda uchraydi. Masalan, barcha tabiiy shakarlar faqat o‘ng (D) variantga, aminokislotalar esa chap (L) variantga ega.
Uzoq vaqt davomida oddiy kimyoviy reaksiyalarda bir izomerning boshqasidan ustunligiga (ortiqcha miqdoriga) erishish imkonsiz deb hisoblangan, ammo laureatlarning tadqiqotlari bunday emasligini ko‘rsatdi. Reaksiya mahsulotlari muvozanatni variantlardan birining foydasiga surish xususiyatiga ega bo‘lgan holatda, avtokataliz effekti yuzaga keladi va izomerlardan biri ustunlikka ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti “metallorganik karkas tuzilmalarni ishlab chiqqani uchun” olimlar Richard Robson, Susumu Kitagava va Omar Yagxiga berilgan edi.
Nobel haftaligi
Kecha, 5 oktyabr kuni 2026 yilgi Nobel mukofotlari laureatlarini e’lon qilish haftaligi boshlandi. Haftalik jadvali quyidagicha:
- Fiziologiya va tibbiyot – dushanba, 5 oktyabr;
- Fizika – seshanba, 6 oktyabr;
- Kimyo – chorshanba, 7 oktyabr;
- Adabiyot – payshanba, 8 oktyabr;
- Tinchlik mukofoti – juma, 9 oktyabr;
- Iqtisodiyot fanlari – dushanba, 12 oktyabr.
Hammasi qanday boshlangan edi?
Ixtirochi, tadbirkor va biznesmen Alfred Nobel o‘z vasiyatida kapitalini insoniyatga eng katta naf keltirganlar uchun mukofotlarga yo‘naltirishni buyurgan edi. Mukofot bilan u eng ko‘p qiziqqan sohalar: fizika, kimyo, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot va tinchlik yo‘nalishidagi alohida yutuqlar e’tirof etilar edi.
Keyinchalik ushbu g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli ishlar boshlandi va 1901 yildayoq dastlabki Nobel mukofotlari topshirildi. 1969 yilda yana bir mukofot – Shvetsiya markaziy banki tomonidan o‘zining uch yuz yillik yubileyi munosabati bilan ta’sis etilgan Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot paydo bo‘ldi. Yangi laureatlarning nomlari har yili oktyabr oyida e’lon qilinadi.
Nobel jamg‘armasi ustaviga ko‘ra, har bir laureat oltin medal oladi. Uning oldi tomonida Alfred Nobel portreti zarb qilingan bo‘lib, orqa tomonining dizayni mukofotni aynan qaysi muassasa topshirishiga bog‘liq.
Har bir diplom betakror san’at asari – uning bezatilishini laureat tashkilotlar tasdiqlaydi. Adabiyot sohasidagi hujjat pergamentda (maxsus ishlov berilgan charmda) o‘rta asr illyustratorlari texnikasidan foydalangan holda yaratiladi. Boshqa laureatlar uchun diplomlar buyurtma asosida tayyorlangan qo‘l ishi qog‘ozida chop etiladi.
Bugungi kunda bitta Nobel mukofotining miqdori 12 million shved kronasiga (1,2 mln dollar) teng. Mukofot ko‘pi bilan uchta laureat o‘rtasida bo‘linishi mumkin.
Live
Barchasi