Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

Bu qiziq

−

image

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olimlarga iqtisodiyotni barqarorlashtirish mexanizmlari bo‘yicha tadqiqotlari uchun berildi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1968 yilda Shvetsiya banki tomonidan ta’sis etilgan Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot bo‘yicha mukofoti amerikalik olimlar Robert Ernest Xoll va Maykl Vudfordga “makroiqtisodiyotni barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslari” uchun beriladi.

Nobel laureatlari iqtisodiy modellarni nafaqat inflyatsiya, ishlab chiqarish va iste’mol kabi makroiqtisodiy o‘zgaruvchilar o‘rtasidagi statistik bog‘liqliklarga, balki mikroiqtisodiy asoslarga ham tayangan holda qurish mumkinligini ko‘rsatib bergan. Bu alohida uy xo‘jaliklari va korxonalarning yalpi xatti-harakatlari iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini tushunishni o‘z ichiga oladi.

“Laureatlarning mehnati bizga bugungi kunda butun dunyoda markaziy banklar va hukumatlar foydalanayotgan modellar uchun mustahkam nazariy asos berdi. Ular tufayli biz energetika inqirozlari yoki iste’molchilar xatti-harakatining to‘satdan o‘zgarishi kabi iqtisodiy inqirozlarga yaxshiroq tayyorlandik”, deydi Iqtisodiyot bo‘yicha mukofotni topshirish qo‘mitasi raisi Jon Xassler.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel laureatlari Joel Mokir, Filipp Agon va Piter Xauit bo‘lgan edi. Ular “iqtisodiy o‘sish va texnologik rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlikni tadqiq qilgani uchun” mukofotlangan.

Nobel haftaligi

Joriy yilning 5 oktyabr kuni 2026 yilgi Nobel mukofotlari laureatlarini e’lon qilish haftaligi boshlandi. Haftalik jadvali quyidagicha:

  • Fiziologiya va tibbiyot – dushanba, 5 oktyabr;
  • Fizika – seshanba, 6 oktyabr;
  • Kimyo – chorshanba, 7 oktyabr;
  • Adabiyot – payshanba, 8 oktyabr;
  • Tinchlik mukofoti – juma, 9 oktyabr;
  • Iqtisodiyot fanlari – dushanba, 12 oktyabr.

Hammasi qanday boshlangan edi?

Ixtirochi, tadbirkor va biznesmen Alfred Nobel o‘z vasiyatida kapitalini insoniyatga eng katta naf keltirganlar uchun mukofotlarga yo‘naltirishni buyurgan edi. Mukofot bilan u eng ko‘p qiziqqan sohalar: fizika, kimyo, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot va tinchlik yo‘nalishidagi alohida yutuqlar e’tirof etilar edi.

Keyinchalik ushbu g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli ishlar boshlandi va 1901 yildayoq dastlabki Nobel mukofotlari topshirildi. 1969 yilda yana bir mukofot – Shvetsiya markaziy banki tomonidan o‘zining uch yuz yillik yubileyi munosabati bilan ta’sis etilgan Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot paydo bo‘ldi. Yangi laureatlarning nomlari har yili oktyabr oyida e’lon qilinadi.

Nobel jamg‘armasi ustaviga ko‘ra, har bir laureat oltin medal oladi. Uning oldi tomonida Alfred Nobel portreti zarb qilingan bo‘lib, orqa tomonining dizayni mukofotni aynan qaysi muassasa topshirishiga bog‘liq.

Har bir diplom betakror san’at asari – uning bezatilishini laureat tashkilotlar tasdiqlaydi. Adabiyot sohasidagi hujjat pergamentda (maxsus ishlov berilgan charmda) o‘rta asr illyustratorlari texnikasidan foydalangan holda yaratiladi. Boshqa laureatlar uchun diplomlar buyurtma asosida tayyorlangan qo‘l ishi qog‘ozida chop etiladi.

Bugungi kunda bitta Nobel mukofotining miqdori 12 million shved kronasiga (1,2 mln dollar) teng. Mukofot ko‘pi bilan uchta laureat o‘rtasida bo‘linishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing