Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti g‘olibi e’lon qilindi
Bu qiziq
−
15:37 1465 3 daqiqa
Belgiyalik Frensis Halsen fizika bo‘yicha 2026 yilgi Nobel mukofoti laureati bo‘ldi. Mukofot IceCube neytrino observatoriyasini yaratishga qo‘shgan hal qiluvchi hissasi hamda astrofizik kelib chiqishga ega bo‘lgan yuqori energiyali neytrinolarni kashf etgani uchun berildi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi saytida xabar berdi.
“Frensis Halsen biz uchun fantastik vosita yaratgan tadqiqotchilar va muhandislarning xalqaro jamoasiga rahbarlik qildi. Uning matonati va ilmiy nigohi astronomiyaning yangi turiga yo‘l ochdi”, deydi Fizika bo‘yicha Nobel qo‘mitasi raisi Mark Pirs.
Qo‘mita neytrinoni “koinotdan kelgan arvohona maktublar” deb ta’riflagan. IceCube neytrino observatoriyasi Yerning Janubiy qutbida, Antarktikadagi Amundsen-Skott stansiyasi hududida joylashgan. Loyihaning vazifalaridan biri olis koinotdan uchib keluvchi yuqori energiyali neytrinolarni qidirishdan iborat.
IceCube neytrinoni Antarktida muzining ichkarisiga chuqur joylashtirilgan 5 mingdan ortiq raqamli optik modullar yordamida aniqlaydi. Muz qatlami orqali o‘tayotganda ushbu zarrachalar elektr zaryadiga ega myuonlarni hosil qiladi, ular esa Vavilov-Cherenkov nurlanishi deb ataluvchi hodisa bo‘yicha qayd etiladi. Ushbu nurlanish zaryadlangan zarracha shaffof muhitda shu muhitdagi yorug‘lik tarqalish tezligidan yuqori tezlikda harakatlanganda yuzaga keladi. Nurlanish myuonlarning energiyasi haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 2026 yilgi Nobel mukofoti Karl Daysserot, Peter Xegemann va Georg Nagel “nur bilan boshqariladigan ion kanallari va optogenetikaga oid kashfiyotlari uchun” topshirilishi haqida xabar berilgan edi.
Nobel haftaligi
Kecha, 5 oktyabr kuni 2026 yilgi Nobel mukofotlari laureatlarini e’lon qilish haftaligi boshlandi. Haftalik jadvali quyidagicha:
- Fiziologiya va tibbiyot – dushanba, 5 oktyabr;
- Fizika – seshanba, 6 oktyabr;
- Kimyo – chorshanba, 7 oktyabr;
- Adabiyot – payshanba, 8 oktyabr;
- Tinchlik mukofoti – juma, 9 oktyabr;
- Iqtisodiyot fanlari – dushanba, 12 oktyabr.
Hammasi qanday boshlangan edi?
Ixtirochi, tadbirkor va biznesmen Alfred Nobel o‘z vasiyatida kapitalini insoniyatga eng katta naf keltirganlar uchun mukofotlarga yo‘naltirishni buyurgan edi. Mukofot bilan u eng ko‘p qiziqqan sohalar: fizika, kimyo, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot va tinchlik yo‘nalishidagi alohida yutuqlar e’tirof etilar edi.
Keyinchalik ushbu g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli ishlar boshlandi va 1901 yildayoq dastlabki Nobel mukofotlari topshirildi. 1969 yilda yana bir mukofot – Shvetsiya markaziy banki tomonidan o‘zining uch yuz yillik yubileyi munosabati bilan ta’sis etilgan Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot paydo bo‘ldi. Yangi laureatlarning nomlari har yili oktyabr oyida e’lon qilinadi.
Nobel jamg‘armasi ustaviga ko‘ra, har bir laureat oltin medal oladi. Uning oldi tomonida Alfred Nobel portreti zarb qilingan bo‘lib, orqa tomonining dizayni mukofotni aynan qaysi muassasa topshirishiga bog‘liq.
Har bir diplom betakror san’at asari – uning bezatilishini laureat tashkilotlar tasdiqlaydi. Adabiyot sohasidagi hujjat pergamentda (maxsus ishlov berilgan charmda) o‘rta asr illyustratorlari texnikasidan foydalangan holda yaratiladi. Boshqa laureatlar uchun diplomlar buyurtma asosida tayyorlangan qo‘l ishi qog‘ozida chop etiladi.
Bugungi kunda bitta Nobel mukofotining miqdori 12 million shved kronasiga (1,2 mln dollar) teng. Mukofot ko‘pi bilan uchta laureat o‘rtasida bo‘linishi mumkin.
Live
Barchasi