Tramp yana Nobeldan quruq qoldi. Mukofot afrikalik ayolga nasib etdi
Bu qiziq
−
15:11 1466 3 daqiqa
Yurist, Ruanda bo‘yicha Xalqaro jinoiy tribunalning sobiq raisi, 2008-2014 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari bo‘lib ishlagan Navanetxem (“Navi”) Pilley 2026 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati bo‘ldi. Bu haqda Oslodagi Norvegiya Nobel qo‘mitasi e’lon qildi.
Mukofot unga “tinchlik va xalqaro huquqni targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari uchun” berildi.
Ma’lumot uchun, Navi Pilley – Janubiy Afrika Respublikasida tug‘ilgan hind millatiga mansub huquqshunos. Mamlakatdagi huquqshunoslik amaliyoti yillarida u apartheydga qarshi kurashchilarni himoya qilgan, apartheyd davri hukumatining qiynoqlari va qatag‘on choralarini fosh etgan. U JAR Oliy sudidagi birinchi “oq tanli bo‘lmagan” ayolga aylandi. 2003-2008 yillarda Xalqaro jinoiy sud (XJS) sudyasi bo‘lib ishlagan.
Bu yil tinchlik mukofotiga 287 ta nomzod – 208 nafar shaxs va 79 ta tashkilot ilgari surilgan edi. Qo‘mita ularning ismlarini oshkor etmaydi: nomzodlar va muhokamalar haqidagi ma’lumotlar 50 yil davomida sir saqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Venesuelada muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoga berilgan edi. U esa mukofotni Oq uyda o‘tkazilgan qabul marosimi chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Trampga topshirdi. Trampning o‘zi esa o‘tgan yil davomida o‘zi bir nechta urushlarni to‘xtatganini aytib, Nobel mukofotiga da’vogarlik qilgan edi.
Nobel haftaligi
Joriy yilning, 5 oktyabr kuni 2026 yilgi Nobel mukofotlari laureatlarini e’lon qilish haftaligi boshlandi. Haftalik jadvali quyidagicha:
- Fiziologiya va tibbiyot – dushanba, 5 oktyabr;
- Fizika – seshanba, 6 oktyabr;
- Kimyo – chorshanba, 7 oktyabr;
- Adabiyot – payshanba, 8 oktyabr;
- Tinchlik mukofoti – juma, 9 oktyabr;
- Iqtisodiyot fanlari – dushanba, 12 oktyabr.
Hammasi qanday boshlangan edi?
Ixtirochi, tadbirkor va biznesmen Alfred Nobel o‘z vasiyatida kapitalini insoniyatga eng katta naf keltirganlar uchun mukofotlarga yo‘naltirishni buyurgan edi. Mukofot bilan u eng ko‘p qiziqqan sohalar: fizika, kimyo, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot va tinchlik yo‘nalishidagi alohida yutuqlar e’tirof etilar edi.
Keyinchalik ushbu g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli ishlar boshlandi va 1901 yildayoq dastlabki Nobel mukofotlari topshirildi. 1969 yilda yana bir mukofot – Shvetsiya markaziy banki tomonidan o‘zining uch yuz yillik yubileyi munosabati bilan ta’sis etilgan Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot paydo bo‘ldi. Yangi laureatlarning nomlari har yili oktyabr oyida e’lon qilinadi.
Nobel jamg‘armasi ustaviga ko‘ra, har bir laureat oltin medal oladi. Uning oldi tomonida Alfred Nobel portreti zarb qilingan bo‘lib, orqa tomonining dizayni mukofotni aynan qaysi muassasa topshirishiga bog‘liq.
Har bir diplom betakror san’at asari – uning bezatilishini laureat tashkilotlar tasdiqlaydi. Adabiyot sohasidagi hujjat pergamentda (maxsus ishlov berilgan charmda) o‘rta asr illyustratorlari texnikasidan foydalangan holda yaratiladi. Boshqa laureatlar uchun diplomlar buyurtma asosida tayyorlangan qo‘l ishi qog‘ozida chop etiladi.
Bugungi kunda bitta Nobel mukofotining miqdori 12 million shved kronasiga (1,2 mln dollar) teng. Mukofot ko‘pi bilan uchta laureat o‘rtasida bo‘linishi mumkin.
Live
Barchasi