Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘olibasi e’lon qilindi 

Bu qiziq

−

image

Bugun, 8 oktyabr kuni Nobel qo‘mitasi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatini e’lon qildi. Unga “klassik an’analar bilan erkin muloqotda zamonaviy adabiyot uchun yangi shakllarni yaratgan jur’atli va ijodkorona asarlari uchun” kanadalik yozuvchi Enn Karson sazovor bo‘ldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Nobel mukofotining bu yilgi laureati Enn Karson 1950 yilda Kanadaning Toronto shahrida tug‘ilgan. 1981 yilda u klassik filologiya bo‘yicha “Odi et Amo Ergo Sum” nomli doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Butun faoliyati davomida esa she’r yozishni tarjimonlik faoliyati hamda turli universitetlarda dars berish bilan birgalikda olib borgan.

Uning deyarli butun adabiy ijodi ikki narsaning kesishishiga qaratilgan: filologning so‘zlarga bo‘lgan qiziqishi va shoirning ularga yangi ma’nolar bag‘ishlashga bo‘lgan intilishi. Karsonning o‘zi so‘zlar etimologiyasini butun ijodining boshlang‘ich nuqtasi deb ataydi.

Enn Karson bir necha yil Monrealda yashagan hamda Makgill universitetida, Michigan universitetida va Prinston universitetida (1980 yildan 1987 yilgacha) dars bergan. U 1998 yilgi Guggenxaym stipendiati, 2000 yilda esa Mak-Artur stipendiyasi sohibi hisoblanadi. Shuningdek, Lannan adabiy mukofoti laureatidir. 2014 yilda u “Red Doc>” to‘plami uchun Griffin she’riyat mukofotini olgan va XXI asrning ajoyib shoirasi sifatida tan olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘tgan yili adabiyot sohasidagi laureat vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnoxorkai bo‘lgan edi. U “apokaliptik vahima fonida san’at kuchini tasdiqlaydigan ta’sirli va bashoratli ijodi uchun” ushbu mukofotga sazovor bo‘lgandi.

Nobel haftaligi

Joriy yilning, 5 oktyabr kuni 2026 yilgi Nobel mukofotlari laureatlarini e’lon qilish haftaligi boshlandi. Haftalik jadvali quyidagicha:

  • Fiziologiya va tibbiyot – dushanba, 5 oktyabr;
  • Fizika – seshanba, 6 oktyabr;
  • Kimyo – chorshanba, 7 oktyabr;
  • Adabiyot – payshanba, 8 oktyabr;
  • Tinchlik mukofoti – juma, 9 oktyabr;
  • Iqtisodiyot fanlari – dushanba, 12 oktyabr.

Hammasi qanday boshlangan edi?

Ixtirochi, tadbirkor va biznesmen Alfred Nobel o‘z vasiyatida kapitalini insoniyatga eng katta naf keltirganlar uchun mukofotlarga yo‘naltirishni buyurgan edi. Mukofot bilan u eng ko‘p qiziqqan sohalar: fizika, kimyo, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot va tinchlik yo‘nalishidagi alohida yutuqlar e’tirof etilar edi.

Keyinchalik ushbu g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli ishlar boshlandi va 1901 yildayoq dastlabki Nobel mukofotlari topshirildi. 1969 yilda yana bir mukofot – Shvetsiya markaziy banki tomonidan o‘zining uch yuz yillik yubileyi munosabati bilan ta’sis etilgan Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot paydo bo‘ldi. Yangi laureatlarning nomlari har yili oktyabr oyida e’lon qilinadi.

Nobel jamg‘armasi ustaviga ko‘ra, har bir laureat oltin medal oladi. Uning oldi tomonida Alfred Nobel portreti zarb qilingan bo‘lib, orqa tomonining dizayni mukofotni aynan qaysi muassasa topshirishiga bog‘liq.

Har bir diplom betakror san’at asari – uning bezatilishini laureat tashkilotlar tasdiqlaydi. Adabiyot sohasidagi hujjat pergamentda (maxsus ishlov berilgan charmda) o‘rta asr illyustratorlari texnikasidan foydalangan holda yaratiladi. Boshqa laureatlar uchun diplomlar buyurtma asosida tayyorlangan qo‘l ishi qog‘ozida chop etiladi.

Bugungi kunda bitta Nobel mukofotining miqdori 12 million shved kronasiga (1,2 mln dollar) teng. Mukofot ko‘pi bilan uchta laureat o‘rtasida bo‘linishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing