Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti metalloorganiklarga berildi
Olam
−
08 Oktabr 2025 2641 3 daqiqa
2025 yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti Kioto universitetidan yapon kimyogari Susumu Kitagava, Melburn universitetidan avstraliyalik Richard Robson va Kaliforniya universiteti (Berkli) professori, asli iordaniyalik amerikalik kimyogar Omar Yagiga berildi. Ular bu mukofotni “metalloorganik karkasli tuzilmalarni ishlab chiqqani uchun” oldi. Bu haqda mukofot haqidagi e’lonni Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasi bugun, 8 oktyabr kuni Stokgolmda ma’lum qildi.
Mukofotni e’lon qilish bayonotida shunday deyilgan:
“2025 yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan olimlar molekulalardan tashkil topgan shunday tuzilmalar yaratdilarki, ular orqali gazlar va boshqa kimyoviy moddalar o‘ta oladi. Bu tuzilmalar metalloorganik karkaslar – cho‘lda havodan suv yig‘ish, uglerod(IV)-oksidni ushlab qolish, zaharli gazlarni saqlash yoki kimyoviy reaksiyalarning katalizni ta’minlash uchun qo‘llanilishi mumkin”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Richard Robson bu sohadagi tadqiqotlarini 1989 yilda boshlab, tartibli hajmli kristallar kabi tuzilmalarni yaratgan bo‘lib, ular cheksiz bo‘shliqlar bilan to‘lgan edi. Susumu Kitagava va Omar Yagi esa bunday tuzilmalarni barqaror va yengil (moslashuvchan) holga keltirishga erishdi.
“Metalloorganik karkaslar ulkan salohiyatga ega bo‘lib, yangi funksiyalarga ega bo‘lgan individual materiallar yaratish uchun avval ko‘rilmagan imkoniyatlarni ochadi”, dedi Nobel qo‘mitasining kimyo bo‘yicha raisi Xayner Linke.
Oldingi yillarda kimyo bo‘yicha Nobel sovrindorlari
- 2024 yilda mukofot amerikalik Devid Beyker, britaniyaliklar Demis Hassabis va Jon M. Djamperga berilgan. Ular “oqsillarning hisoblash orqali dizayni” va “ularning tuzilishini bashorat qilish” bo‘yicha ishlari uchun taqdirlangan.
- 2023 yilda mukofotni amerikalik olimlar – Mungi Bavendi (MIT), Luis Bryus (Kolumbiya universiteti) va rossiyalik Aleksey Yekimov (Nanocrystals Technology Inc.) “kvant nuqtalari”ni kashf etganliklari uchun olgan.
- 2022 yilda amerikaliklar Karolin Bertotssi va Barri Sharpless hamda niderlandiyalik Morten Meldal “klik-kimyo” va “bioortogonal kimyo” usullarini rivojlantirganliklari uchun taqdirlangan.
- 2021 yilda mukofot nemis Benyamin List va britan-amerikalik Devid Makmillanga “asimmetrik organokataliz”ni rivojlantirganliklari uchun berilgan.
Nobel mukofotini topshirish tarixi
Beshta asosiy Nobel mukofoti fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot hamda tinchlik uchun mukofotlar – dinamit ixtirochisi Alfred Nobelning vasiyatiga ko‘ra ta’sis etilgan bo‘lib, ular 1901 yildan beri topshirib kelinadi. 1969 yildan boshlab Shvetsiya Banki tashabbusi bilan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ham mukofot ta’sis etilgan va u rasman “Nobel xotirasidagi iqtisodiyot bo‘yicha mukofot” deb ataladi (ko‘pincha “iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti” deb yuritiladi).
Tinchlik uchun mukofot Norvegiya poytaxti Osloda topshiriladi, qolgan barcha mukofotlar esa Shvetsiya poytaxti Stokgolmda beriladi.
Nobel mukofoti rasmiy saytida ta’kidlanishicha, “kimyo Alfred Nobelning faoliyatida eng muhim fanlardan biri bo‘lgan”.
“Uning ixtirolari va ularga asoslangan sanoat jarayonlari kimyoviy bilimlarga tayangan. Kimyo – Nobel vasiyatida tilga olingan ikkinchi fan sohasi bo‘lgan”.
Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti tarixi:
- 1901 yildan 2025 yilgacha bu mukofot 117 marta topshirilgan.
- Ushbu vaqt mobaynida uni 198 nafar olim qo‘lga kiritgan.
- Britaniyalik biokimyogar Frederik Senger (1958 va 1980 yillarda) hamda amerikalik organik kimyogar Barri Sharpless (2001 va 2022 yillarda) uni ikki marta olgan yagona olimlardir.
- Kimyo bo‘yicha Nobel mukofotining hozirgi miqdori – 11 million shved kroni, bu taxminan 900 ming yevroga teng.
Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabr kuni fiziologiya va tibbiyot sohasidagi Nobel mukofoti Sietldagi Tizimli biologiya instituti xodimi Meri E. Brunkov, San-Fransiskodagi Parker rakka qarshi immunoterapiya instituti vakili Fred Ramsdell hamda Osaka universiteti professori Shimon Sakakuchiga “periferik immun tolerantligiga oid kashfiyotlari uchun” berildi. 7 oktyabrda esa Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinisga “makroskopik darajada kvant tunnelini ochish va elektr zanjirida energiyani kvantlash”ni kashf etgani uchun Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari bo‘ldi. Biroq Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlaridan biri Fred Ramsdell bilan bog‘lanishni va unga mukofot olganlik xabarini yetkazish imkoni bo‘lmayapti.