Nobel qo‘mitasi mukofot g‘olibi bilan bog‘lana olmadi
Olam
−
08 Oktabr 4973 2 daqiqa
Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlaridan biri Fred Ramsdell bilan bog‘lanishni va unga mukofot olganlik xabarini yetkazish imkoni bo‘lmayapti. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
7 oktyabr kuni fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilindi. Sietldagi Tizimli biologiya instituti xodimi Meri E. Brunkov hamda Osaka universiteti professori Shimon Sakakuchiga mukofot olgani xabari yetkazilgan. Biroq Nobel qo‘mitasi San-Fransiskodagi Parker rakka qarshi immunoterapiya instituti vakili Fred Ramsdell bilan bog‘lanib, unga bu xabarni yetkaza olmagan.
Ramsdellning do‘sti Jeffri Blyustounning so‘zlariga ko‘ra, u ayni paytda tashqi dunyodan uzilib, Aydaxo shtati atrofida sayohat qilmoqda.
“Men o‘zim u bilan bog‘lanishga harakat qildim. Menimcha, u hozir Aydaxo bo‘ylab sayohat qilmoqda”, deydi Blyustoun.
Shuningdek, Nobel qo‘mitasi mukofotning yana bir sohibi Meri Brankov AQSHning G‘arbiy sohil qismida yashashi va Stokgolm bilan u yashaydigan manzil 9 soat farq qilishi sababli u bilan bog‘lanishda ham muammoga duch kelgan.
“Men Ramsdell va Brankovdan qayta qo‘ng‘iroq qilishni so‘rayman”, deydi Nobel qo‘mitasi kotibi Tomas Perlman matbuot anjumanida.
Boshqa nashrlarning yozishicha, rafiqasi bilan sayohat qilayotgangan Ramsdell bilan keyinroq bog‘lanish imkoni bo‘lgan. Olimning rafiqasi telefonini yoqqan va bu xabarni o‘qib, baqirib yuborgan.
“64 yoshli doktor Ramsdell o‘sha kuni ertalab hech qanday muhim telefon qo‘ng‘iroqlarini kutmagan va u ta’tilda bo‘lgani uchun oflayn rejimda bo‘lgan. Avvaliga rafiqasi baqirgani uchun ayiqni ko‘rib qoldi deb o‘ylagan”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Qayd etish joiz, qo‘mita bu holatga birinchi marta duch kelishi emas. 2020 yilda Bob Uilsonga iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti olganlik xabarini aytish uchun yarim tunda qo‘ng‘iroq qilishganida u telefonini o‘chirib qo‘ygan. Shundan so‘ng, qo‘mita Uilsonning rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilib yangilikni yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilingan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi