Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti ham Osiyo vakiliga berildi
Olam
−
11 Oktabr
57342024 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga yadro qurolidan xoli dunyoga erishishga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun Yaponiyaning Nihon Hidankyo uyushmasi - yadroviy qurolsizlanish uchun kurashayotgan Xirosima va Nagasaki atom bombalari qurbonlari tashkilotlarining Yaponiya kengashi loyiq ko‘rildi. Bu haqdagi qaror bugun, 11 oktyabr kuni Norvegiya poytaxti Osloda Nobel qo‘mitasi tomonidan e’lon qilindi.
Qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, yadroviy davlatlar salohiyatini oshirib, qurol-yarog‘ini takomillashtirayotgan bir paytda Nihon Hidankyo yadro arsenaliga ega bo‘lmagan dunyoni tinimsiz himoya qilishga intilmoqda.
Bu yil Tinchlik uchun Nobel mukofotiga 286 nomzod, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari, Rim Papasi Fransisk va britaniyalik tabiatshunos Devid Attenboro nomzodi ilgari surilgan. BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA), Xalqaro sud va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham favoritlar qatoriga qo‘yilgandi. Bukmekerlik idoralarining sevimlilari esa qamoqda vafot etgan rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiydir. Biroq Navalniy tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlana olmaydi, chunki u vafotidan keyin berilmaydi.
Tinchlik uchun Nobel mukofotining oldingi laureatlari
2023 yilda Tinchlik uchun Nobel mukofoti eronlik huquq faoli Nargiz Muhammadiyga Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurash hamda barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib qilish uchun berilgan edi.
2022 yilda ushbu mukofot Rossiya, Belarus va Ukraina huquq himoyachilariga berildi: Rossiyaning “Memorial” inson huquqlari jamiyati, Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi va Belarusning “Vesna” inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiy.
2021 yilda Tinchlik bo‘yicha ikki Nobel mukofoti sovrindorlaridan biri “Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratov edi. U bilan birga mukofot filippinlik jurnalist Mariya Ressaga topshirildi. Muratov va Ressa “demokratiya va matbuot erkinligi tobora noqulay sharoitlarga duch kelayotgan dunyoda” ushbu ideal uchun kurashayotgan barcha jurnalistlar vakili sifatida ta’riflangan. Muratov Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uchinchi rossiyalik bo‘ldi. Undan oldin u fizik va huquq himoyachisi Andrey Saxarovga va SSSRning yagona prezidenti Mixail Gorbachyovga berilgan edi.
Nobel haftaligi davom etmoqda
Joriy yilning 7 oktyabr kuni fiziologiya va tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha sovrindorlar nomi e’lon qilingani bilan Nobel haftaligi ochildi. Mukofot Viktor Ambros va Gari Ravkunga mikro RNKlarni kashf etgani uchun berildi. 8 oktyabr kuni amerikalik Jon Xopfild va kanadalik Jefri Xintonga “sun’iy neyron tarmoqlardan foydalangan holda mashinani o‘rganish asosidagi fundamental kashfiyotlar va ixtirolari” uchun fizika bo‘yicha 2024 yilgi Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.
9 oktyabr kuni esa amerikalik Devid Beyker va britaniyaliklar Demis Xassabis va Jon Jamper 2024 yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Olimlarga mukofot sun’iy intellektdan foydalanib, oqsillar tuzilishini aniqlagani va yangi turlarni yaratishdagi ishlari uchun taqdim qilindi. Jumladan, ikki qismga bo‘lingan mukofot Demis Xassabis va Jon Jamperga sun’iy intellektdan foydalanib, deyarli barcha ma’lum bo‘lgan oqsillarning tuzilishini aniqlay olgani uchun, Devid Beykerga esa butunlay yangi oqsillarni yaratishga imkon beruvchi ishlari uchun taqdim qilingan.
10 oktyabrda 2024 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti janubiy koreyalik yozuvchi Xan Ganga berildi. Xan Gan 1970 yilda Kvanju shahrida tug‘ilgan. Uning go‘sht iste’mol qilishni to‘xtatishga qaror qilgan ayol haqida yozilgan “Vegetarian” romani 2016 yilda “Man Booker” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.
14 oktyabrda esa Shvetsiya banki tomonidan 1968 yilda ta’sis etilgan iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel mukofoti laureati nomi e’lon qilinadi.
Mukofotlar 1901 yildan beri berilib kelinmoqda
Besh xil Nobel mukofoti (fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik mukofoti) dinamit ixtirochisi Alfred Nobelning irodasi bilan ta’sis etilgan va 1901 yildan beri berilib kelinmoqda. 1969 yildan boshlab, Shvetsiya banki tashabbusi bilan Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha Nobel mukofoti norasmiy ravishda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti deb ham ataladi. Tinchlik uchun Nobel mukofoti Norvegiya poytaxti Osloda, qolganlari Shvetsiya poytaxti Stokgolmda topshiriladi.
LiveBarchasi