AQSH Navalniy qamoqxonada vafot etsa, Rossiyani nima kutayotganini ma’lum qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Agar Rossiya muxolifatining yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etsa, Rossiyani buning yomon oqibatlari kutmoqda. Bu haqda AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan CNN’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, Vashington siyosatchining sog‘ligi yomonlashishi bilan bog‘liq voqealar rivojini xavotir bilan kuzatmoqda.

“Biz Rossiya hukumatiga Navalniy qamoqdalik payti nima bo‘lsa ham, bu uchun ular javobgar bo‘lishini aytdik. Biz ularga Navalniy vafot etsa, buning oqibati yomon bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish berdik”, deydi Sallivan.

Maslahatchining ta’kidlashicha, u Moskvaga qarshi ehtimoliy qadamlar haqida hozircha gapira olmaydi, ammo agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, bu aniq namoyish etiladi.

Uch haftadan ko‘proq vaqt oldin Navalniy qamoqxona ma’muriyati qattiq og‘riq, orqa va oyoqlarida sezgirlikni yo‘qotgani sababli uni xususiy shifokor ko‘rigidan o‘tkazishga ruxsat bermaganiga norozilik sifatida ochlik e’lon qildi.

Shifokor Navalniydan olingan test natijalarida muxolifatchi tanasida kaliy miqdorining to‘satdan ko‘paygani, buning oqibati yurak xuruji va buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkinligini ama’lum qildi.

“Bemor bunday vaziyatda har qanday daqiqada o‘lishi mumkin”, degandi oldinroq Navalniyni kuzatayotgan Yaroslav Ashixmin.

Eslatib o‘tamiz, Putinning davlat mablag‘i asosida o‘zi uchun saroy qurdirganini da’vo qilib chiqqan Navalniy Germaniyadan qaytgan zahoti aeroportda hibsga olinib, keyinchalik 2,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Shundan so‘ng, uni vatanparvar muxolifatchi, deb bilgan omma namoyishlar uyushtirdi. Navalniy bir necha bor ochlik e’lon qildi, yaqinlari va advokatlari uning qamoqda qiynoqqa solinayotgani va sog‘ligi yomonlashganini aytib chiqdi

Ozodlikka erishish uchun turli yo‘llarni qo‘llab ko‘rayotgan Navalniy o‘tgan hafta Qur’on kitobini bermagani uchun koloniya rahbarini sudga berdi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa buni provokatsiya deb atadi.

Hozirda Navalniy jamoasi o‘zi faoliyatini davom ettirmoqda va yaqinda eski mavzu bo‘yicha yangi surishtiruv e’lon qildi.

Shuningdek, Rossiya prokurorlari tomonidan Navalniyning faoliyatini “ekstremistik” deb baholash taklif qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1099

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing