AQSH Makronning Xitoyga tashrifi muvaffaqiyat qozonishiga ishonmayapti

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Xitoyga davlat tashrifini istiqbolli deb hisoblamaydi, chunki uning o‘tmishdagi mojarolarda vositachilik qilishga urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lgan. Bu haqda bugun, 3 aprel kuni “Politico” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH rasmiylari Oq uy Makronning muvaffaqiyatga erisha olishiga umid qilmayotganini bildirgan. Bunga esa Fransiya Prezidentining Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukraina masalasi bo‘yicha muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragani, shuningdek, uning Eron yadro dasturi bo‘yicha “Qo‘shma kompleks harakatlar reja”si ham ishtirokchilarga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishiga ta’sir o‘tkaza olmagani sabab bo‘lgan. 

Shu bilan birga, Amerika rasmiylari Vashington garchi Fransiyaning Xitoy va AQSH o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarga o‘ta noaniq pozitsiyada bo‘lganidan xavotirda bo‘lsada, Makronning Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralariga qarshi emas ekanini ta’kidlagan.

Manbaga ko‘ra, bugun, 3 aprel kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Makronning Xitoyga tashrifi 5-7 aprel kunlari bo‘lib o‘tishini tasdiqlagan. Fransiya mahalliy nashrlari Makron Xitoyga safari chog‘ida Xitoy rahbariyati bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishini va Pekinni Rossiyaning harbiy yordamidan ogohlantirmoqchi ekanini yozgan. 

Bundan tashqari, Parij Pekin bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish niyatida ekani ma’lum bo‘lgan. Yelisey saroyidagi anonim manbalarga ko‘ra, Airbus delegatsiyasi Xitoyga samolyot yetkazib berish masalasini muhokama qilmoqchi.

Ma’lumot uchun, Makron va Si Szinpin oxirgi marta 2022 yilda Indoneziyada bo‘lib o‘tgan G20 sammiti doirasida uchrashgan. Fransiya Prezidentining Pekinga avvalgi tashrifi esa 2018 yilning yanvarida bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitidan so‘ng Makronning Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan birga Xitoyga borishi ma’lum bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Frantsiya Xitoy Putin Si Tszin'pin Bayden Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing