AQSH Lavrovning bayonotidan xavotirga tushdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Moskvaning Ukrainaga qurol yetkazib berish bilan geografik maqsadlarni kengaytirish haqidagi bayonotlari AQSHning “Rossiya Ukraina hududlarini anneksiya qilishga tayyorlanayotgani” haqidagi ogohlantirishini tasdiqlaydi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays kecha, 20 iyul kuni bo‘lib o‘tgan kundalik brifingda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan suhbatni izohlar ekan, aytib o‘tdi. 

“Oq uydagi hamkasbim (Jon Kirbi) kecha Rossiya Ukraina hududini anneksiya qilishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Xerson va Zaporojeni o‘z ichiga oladi. Bugun Lavrov buni rasman tasdiqladi”, deydi Ned Prays. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Rossiya o‘zining anneksiya rejasini aniq ilgari surmoqda", bu yana Ukrainadagi urushning qonunsizligidan dalolat beradi. 

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi avvalroq Rossiya Ukrainaning qo‘shimcha hududlarini anneksiya qilish niyatida ekanligi haqida yetarlicha dalillar, razvedka ma’lumotlari va ommaviy dalillar mavjudligini aytgan edi. 

O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Lavrov Rossiyaning “RIA Novosti” agentligiga bergan intervyusida joriy yilning mart oyida Istanbulda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tganini eslatdi. 

“Agar G‘arb Kiyevni uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan ta’minlasa, Ukrainadagi maxsus operatsiyaning geografik maqsadlari yanada uzoqroqqa suriladi. Endi faqat DXR va LXR emas, balki Xerson va Zaporoje viloyatlari hamda boshqa bir qator hududlar ham qamrab olinadi”, degan edi Sergey Lavrov.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

244

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing