AQSH fikridan qaytdimi? Pentagon Afg‘onistonga bombardimonchi samolyotlar yubormoqda
Olam
−
24 aprel 2021
7905AQSH qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish paytida himoya qilish uchun mamlakatga uzoq masofali bombardimonchi samolyotlarni yuboradi. Bu haqda Pentagonning rasmiy vakili Jon Kirbi ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan xavfsiz olib chiqib ketishni ta’minlashga qaratilgan bir qator qo‘shimcha tadbirlarni ma’qullagan.
“U USS Eisenhower'ni (samolyot tashuvchisi) AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligining operatsion hududida bir muddat ushlab turishni ma’qulladi. Shuningdek, u mintaqaga bir qator uzoq masofali bombardimonchilarning joylashtirilishini ham ma’qulladi”, degan Kirbi.
Ma’lumot o‘rnida, 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
Biroq, joriy yil yanvar oyida AQSHning yangi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati “Tolibon” bilan tuzilgan shartnomani qayta ko‘rib chiqish niyatida ekanini e’lon qildi.
LiveBarchasi