AQSH Eronga qarshi ketma-ket o‘ninchi kun zarbalar berdi (video)
Olam
−
09:04 2759 2 daqiqa
AQSH harbiylari Eron hududiga navbatdagi zarbalarni yakunlaganini ma’lum qildi. Unda Eronning harbiy qo‘mondonlik markazlari, raketa va dronlar uchirish maydonchalari, dengizdagi harbiy imkoniyatlari hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari nishonga olingan. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
Qo‘mondonlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotiga ko‘ra, so‘nggi hujumlar taxminan besh soat davom etgan. Shu bilan AQSHning Eronga qarshi zarbalari ketma-ket o‘ninchi tun davom etgan.
Vashington bu operatsiyalardan maqsad “Eronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan tijorat kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini zaiflashtirish” ekanini bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dam olish kunlari AQSHning urushda halok bo‘lgan harbiylari soni 17 nafarga yetgan.
Kecha, 20 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp dam olish kunlarida amerikalik harbiylar halok bo‘lganidan keyin Erondan qasos olishga va’da bergan. So‘nggi bir hafta ichida Tramp Eronda nishonga olinayotgan ob’ektlar ro‘yxatini energetika inshootlari va ko‘priklar hisobiga kengaytirish bilan tahdid qilib keldi.
Ma’lumot o‘rnida, 1949 yilgi Jeneva konvensiyalari urush paytida aholining hayoti uchun muhim hisoblangan fuqarolik ob’ektlariga hujum qilishni taqiqlaydi. Xalqaro huquq bo‘yicha amerikalik ekspertlar Trampning bunday ob’ektlarga zarba berish haqidagi avvalgi tahdidlari xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini bildirgan.
Qayd etish joizki, urush davomida AQSH va Isroilning Eronga, shuningdek, Isroilning Livanga bergan hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan va millionlab kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Mojaro neft narxlarining oshishiga va jahon moliya bozorlarida beqarorlikka sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eron bilan katta urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilgandi.
Live
Barchasi