AQSH Eron bilan katta urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda – WP
Olam
−
20 iyul 4064 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronga qarshi harbiy harakatlarni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida Eron zarbalari oqibatida to‘rt nafar amerikalik harbiy halok bo‘lganidan keyin keng ko‘lamli operatsiya rejasi muhokama qilinmoqda.
“Pentagon yanada yirikroq urushni rejalashtirmoqda”, deya ma’lum qilgan nashr manbalaridan biri anonimlik sharti bilan.
Shu bilan birga, “The Washington Post” manbasining so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi amerikalik harbiylarning havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlari uchun raketalari va uzoq masofali o‘q-dorilari zaxirasi tugab bormoqda, harbiy infratuzilmaga yetkazilgan zarar tufayli esa resurslarni qayta joylashtirish qiyinlashgan. Uning aytishicha, AQSH quruqlikdagi operatsiya boshlangan taqdirda Eron zarbalarini samarali qaytarishga ham tayyor emas.
“Bizda operatsiyalarni xavfsiz qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ va vositalar yetarli emas va Oq uy bundan xabardor deb o‘ylamayman”, deydi u.
Hozircha esa AQSH ketma-ket to‘qqizinchi kun Eron hududiga zarbalar bermoqda. AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bayonotida aytilishicha, “qo‘mondonlik markazlari, HHM va qirg‘oq kuzatuvi ob’ektlari, dengiz ob’ektlari, raketa va uchuvchisiz uchish apparatlarini uchirish maydonchalari, shuningdek, aloqa tarmoqlari” nishonga olingan. Zarbalardan maqsad Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini yanada kamaytirish.
Eron rasmiylari esa, o‘z navbatida, AQSHning Quvaytdagi bazalariga zarbalar berilganini ma’lum qilgan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIMK) bayonotiga ko‘ra, ushbu hujumlar davomida o‘q-dori omborlari, shuningdek, radarlar, jumladan, “Patriot” zenit-raketa majmualarining radarlari shikastlangan.
Ma’lumot uchun, 17 iyul kuni Eronning Iordaniyadagi aviabazaga bergan zarbasi oqibatida ikki nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Amerika qo‘mondonligining bildirishicha, o‘sha yerda shaxsi hozircha aniqlanmagan yana bir halok bo‘lgan kishining jasadi topilgan.
“The Washington Post” nashrining yozishicha, gap katta ehtimol bilan yana bir amerikalik harbiy haqida ketmoqda. Bundan tashqari, CENTCOM 18 iyul kuni urib tushirilgan Eron dronining o‘q-dorisini zararsizlantirish paytida yana bir harbiy xizmatchi halok bo‘lganini xabar qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eronning Bandar-Abbosdagi eng muhim portini boshqa hududlardan uzib qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi