AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘ramoqda
Jamiyat
−
30 mart 2021
28806Joriy yilning 28 mart kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali LGBT huquqlarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorov uyi oldida do‘pposlangani va og‘ir tan jarohati olgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekistonda muttasil ravishda besoqolbozlikni targ‘ib qilish va uni qonuniylashtirishga urinib kelgan blogerning kaltaklanishiga Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Daniel Rozenblyum munosabat bildirdi.
“O‘tgan yakshanbada Toshkent ko‘chalarida zo‘ravonlikni ko‘rish juda xavotirli. O‘zbekiston hukumatini LGBTni qo‘llash fikrini bildirgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanishini surishtirishga chaqiraman”, degan elchi Rozenblyum.
Eslatib o‘tamiz, Ichki ishlar vazirligi noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan Miraziz Bozorov tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini aytib chiqdi.
Bundan bir necha kun avval bloger Miraziz Bozorov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali har haftaning juma kuni LGBT tarafdorlari Toshkentning “Hazrati imom” majmuasi maydonida to‘planishiga chaqiriq bilan chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning 28 mart kuni Amir Temur xiyobonida to‘planish taklifini bildirgan murojaati paydo bo‘ldi. Murojaat ortidan maydonga besoqolbozlik – LGBTga qarshi bo‘lgan jamoatchilik vakillari yig‘ildi. Tartibga solinmagan namoyishlarda yuzaga kelgan holat sabab 12 kishi qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoiy ish ochildi. Ayni vaqtda o‘zbekistonlik rasmiylar va jamoatchilik odamlarni vaziyatga og‘ir-bosiqlik bilan munosabatda bo‘lish, masalani o‘ta konstruktiv muzokara yo‘li bilan hal qilishga undamoqda.
O‘zbekistonda besoqolbozlik masalasi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat yo‘llaganidan so‘ng kun tartibiga chiqdi.
Ayni vaqtgacha besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputatlar Rasul Kusherboyev, Alisher Qodirov va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagan.
LiveBarchasi