LGBTni yoqlayotganlar kichik tashkilotlar emas – Qodirov “tashqi kuch”lar haqida
Jamiyat
−
29 mart 2021
20144Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti yaqinda rasmiy Toshkentga O‘zbekiston Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat qildi. Shundan so‘ng ushbu masala dolzarblashdi. Hatto Toshkentda LGBTga qarshi kichik namoyish o‘tkazildi. Ushbu masala ayni vaqtda keng jamoatchilik, deputatlar va din vakillari tomonidan muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Shunday deputatlardan biri “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakili namoyishlarga munosabat bildirib, LGBTga qarshi jazoni kuchaytirish taklifi bilan chiqdi.
Nega qonunchilikda shu vaqtgacha o‘zgarish qilinmagan? Bunga ehtiyoj yoki sabablar bo‘lmaganmi? Savollarga javobni Alisher Qodirovning shaxsan o‘zidan oldik.
“Bugungi kundagi qonunchilik bo‘yicha biz ushbu masalani yetarli darajada taqiqlamaganmiz, yetarlicha oldi olinmagan. Bu masala avvalambor ko‘rib, ko‘rmaslikka olinmagandir. Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, Jinoyat kodeksining ushbu moddasiga so‘nggi 10 yilda 1-2 marta murojaat qilingan.
Lekin bu norma kerakmi, deb turilgan bir vaqtda birdan faollashish bo‘ldimi, buning tagidan bir ma’no qidirishimiz va javobimizni berishimiz kerak”, deydi deputat QALAMPIR.UZ’dagi jonli muloqot vaqtida.
Deputat Qodirov so‘zida davom etib, besoqolbozlik bilan bog‘liq harakatlar zamirida katta siyosiy kuchlarning ulkan siyosiy-iqtisodiy manfaati borligini ta’kidlab o‘tdi.
“Bugungi kunda dunyoda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda iqtisodiy manfaatlarga erishish uchun siyosiy tafakkur jihatidan zaiflik alomatlarini ko‘rsatgan jamiyatlarda sun’iy muammo yaratish va uning yechimlarini taklif etish orqali bu jamiyatlarda manfaatlarga erishish xatti-harakatlarini kuzatish mumkin. Ya’ni avval muammo yaratiladi va yechimi bevosita uni paydo qilganlar tomonidan taklif qilinadi”, deydi Qodirov muammoning siyosiy jihatiga to‘xtalib.
U so‘zida davom etib, bu talabni qo‘yayotganlar insoniy xohish-istakni huquqqa aylantirishni davlatlar qarshisiga muammo sifatida chiqarishga intilayotganini qo‘shimcha qildi.
“Bu muammo davlatlarga talab qo‘yish uchun asos darajasiga ko‘tarishga intilyapti. Buning misollari juda ham ko‘p. Masalan, Yevropa yoki AQSHdagi bu masala bilan bog‘liq tarixni o‘rganadigan bo‘lsak, muhokamalar bugungacha ham davom etyapti va ehtimol bu o‘sha mintaqalarda sezilarli ahamiyatga ega emas, oddiy oqimdagi masaladir. Lekin e’tiqod, qadriyatlar va konservativ dunyo qarashi kuchli bo‘lgan jamiyatlarda keskin reaksiyalarga sabab bo‘lyapti. Bu keskin reaksiyalar qiyinchilik bilan shakllanayotgan muvozanatni buzish uchun xizmat qilyapti. Muvozanat buzilgach, uni boshqarish oson bo‘ladi”, deydi Qodirov.
Deputat O‘zbekiston demokratik islohotlar yo‘liga kirgan vaqtda bu harakatlarning faollashishi mavjud barqaror muvozanatni tashqaridan boshqarish “richag”lariga ega bo‘lish uchun intilishdek baholanishi bu muammoning tub tomirida yotgan masaladardan biri ekanini urg‘uladi. U bu ishlarning “boshi”da qaysi siyosiy kuchlar turgani haqidagi savolga shunday javob berdi:
“Men bu yerda aynan bir tashkilot bilan bog‘liq manzillarni ko‘rsatishni xohlamagan bo‘lar edim. Muammoni ko‘tarayotgan va qonunchiligimizga o‘zgartirish kiritishni istayotganlar kichik tashkilotlar emas”.
LiveBarchasi