Kurs UZS

USD

12 947.20

26.76

EUR

14 222.50

-30.04

RUB

153.38

-0.14

Tramp savdo urushi ochdi. Dunyo yetakchilari bunga nima deyapti?

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 3 aprel kuni AQSHga olib kiriladigan mahsulotlarning aksariyatiga bojxona tariflari joriy etilganini e’lon qildi. Ayrim davlatlar allaqachon uning qaroriga munosabat bildirdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Norvegiya rasmiylari hisob-kitoblar olib borilayotganini va yuz bergan voqeani tushunishga harakat qilayotganlarini bildirgan.

“Bu dunyo iqtisodiyoti uchun jiddiy masala va Norvegiya uchun ham nihoyatda muhim. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, biz Yevropa Ittifoqiga 20 foiz va AQSHga kamida 10-15 foiz bojxona tariflarini joriy qilishimiz mumkin. Bu juda ahamiyatli, chunki biz Yevropa Ittifoqiga ham ko‘plab eksport mahsulotlarimizni jo‘natamiz. Demak, bu qaror bizga ham ta’sir qiladi”, dedi Norvegiya Sanoat va savdo vaziri Sesili Mirset.

Shveysariya ham AQSHning bojxona tariflari bo‘yicha qarorini “e’tiborga olganini” bildirgan.

“Federal Kengash keyingi qadamlarni zudlik bilan aniqlaydi. Mamlakatimizning uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlari ustuvor hisoblanadi. Xalqaro huquq va erkin savdoga rioya qilish muhim tamoyillardandir”, deb yozdi Shveysariya Prezidenti Karin Keller-Sutter ijtimoiy tarmoqda.

Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson mamlakati erkin savdo va xalqaro hamkorlik tarafdori bo‘lishda davom etishini aytdi.

“Erkin tadbirkorlik va raqobat G‘arbning muvaffaqiyat asosidir. Shu sababli amerikaliklar shvedlarning Spotify xizmatidan foydalanishi, biz esa o‘sha musiqalarni AQSHning iPhone’larida tinglashimiz mumkin. Shuning uchun AQSH savdoni yuqori tariflar bilan cheklash yo‘liga kirganidan chuqur afsusdaman”, dedi Kristersson.

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze matbuot anjumanida bu tariflar Avstraliya uchun “kutilmagan holat emasligini” bildirgan.

“Ammo ular mutlaqo asossiz. Prezident Tramp o‘z qarorini o‘zaro tariflar bilan izohladi. O‘zaro tarif nolga teng bo‘lishi kerak edi, 10 foizga emas. Tramp ma’muriyatining tariflari mantiqiy asosga ega emas va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tamoyillariga zid. Bu do‘stona qadam emas”, dedi Albaneze.

Irlandiya Bosh vaziri Mixol Martin hukumat uchun hozirgi ustuvor vazifa irlandiyalik ishchilar va iqtisodiyotni himoya qilish ekanini bildirgan.

“Biz mahalliy va xalqaro kompaniyalarimiz bilan ishlaymiz hamda oldinda turgan davrni yengib o‘tish yo‘llarini izlaymiz”, dedi Martin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Irlandiya Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilib, AQSH bilan muzokaralar orqali tariflarning zararini kamaytirishga harakat qiladi.

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk ijtimoiy tarmoqda post joylashtirdi.

“Do‘stlik – sheriklikni anglatadi. Sheriklik esa haqiqatan ham o‘zaro teng tariflarni talab qiladi. Muvofiq yechimlar kerak”, deb yozdi Tusk.

Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lekke Rasmussen ham sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqda post joylashtirdi.

“Men AQSH nega Yevropaga qarshi savdo urushini boshlamoqchi ekanini tushunmayapman. Hech kim yutmaydi, hammamiz yutqazamiz. Biz devor qurish o‘rniga to‘siqlarni yo‘q qilishimiz kerak. Yevropa birlashgan holda harakat qiladi. Yevropa aniq va mutanosib javob beradi”, deb yozdi Daniya TIV rahbari.

Ma’lumot uchun, kecha, 2 aprel kuni OAVda Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati davomidagi asosiy voqeaga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi: u chorshanba oqshomida butun dunyoga qarshi savdo urushi e’lon qilishini bildirdi.

Tramp o‘z chiqishini e’lon qilganida 2 aprelni “Amerikaning tekinxo‘rlardan ozod bo‘lish kuni” deb atadi. U yangi keng ko‘lamli tariflar AQSHning barcha savdo hamkorlariga qarshi qaratilgan bo‘lib, “Amerikaning buyukligini qayta tiklash” ga yordam beradi, deb hisoblaydi. Iqtisodchilar esa bu, avvalo, amerikaliklarga zarar yetkazishini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, shunga qaramay, 2 aprel oqshomida Tramp 185 davlatga qarshi bojxona tariflarini e’lon qildi. Tariflar 10 foizdan 50 foizgacha belgilandi. AQSH bojxona ro‘yxatiga O‘zbekiston ham kiritildi. Shuningdek, mart oyi oxirida Tramp AQSHda ishlab chiqarilmagan avtomobillar importiga tarif joriy qilgandi. U, shuningdek, agar Yevropa Ittifoqi va Kanada AQSH iqtisodiyotiga zarar yetkazish maqsadida hamkorlik qilsa, ularga nisbatan yanada qattiqroq bojxona tariflari joriy etilishi bilan tahdid qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp boj savdo urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing