AQSH elchixonasi Bakuda kutilayotgan teraktdan ogohlantirdi
Olam
−
25 Oktabr 2020
4808AQSHning Ozarbayjondagi elchixonasi mamlakat poytaxti Bakuda terakt uyushtirilishi va amerikaliklar o‘g‘irlab ketilishi haqidagi ishonchli ma’lumotlarni qo‘lga kiritgani haqida rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, AQSHning Bakudagi elchixonasi Ozarbayjon poytaxtida yuz berishi mumkin bo‘lgan terroristik hujumlar, shuningdek AQSH fuqarolari va chet elliklarning o‘g‘irlanishi to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olgan.
Terroristik hujumlar shahardagi mehmonxonalarda yoki "Bakuning boshqa joylarida" amalga oshirilishi mumkin. AQSH fuqarolariga chet elliklar yig‘iladigan joylarda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish tavsiya qilinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 23 oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayromov AQSHga tashrifi davomida Davlat kotibi Maykl Pompeo bilan uchrashib, Armanistonning buzg‘unchi siyosati, tinch aholining o‘qqa tutilayotgani, xorijiy yollanma askarlar va terrorchilar jalb qilinayotganidan ogohlantirgandi.
Avvalroq, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat Qurolli kuchlari Qorabog‘ janubida Eron bilan chegaradosh hududlarni to‘liq nazoratga olganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida sulhga erishdi. Ammo bu sulhning umri bir necha soat davom etdi. Keyinroq, tomonlar yana o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. Bu safar ham bu rejim uzoqqa bormadi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi