Iroqdagi AQSH elchixonasiga hujum uyushtirildi
Olam
−
10:06 2044 1 daqiqa
Yaqin Sharqdagi mojarolar davom etmoqda. Bag‘doddagi AQSH elchixonasiga hujum qilindi. Bu haqda “Al Hadath” telekanali xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, mahalliy xavfsizlik kuchlari poytaxt markazidagi “yashil hudud”ni to‘liq yopib qo‘ygan. Mazkur hududda Iroqning ko‘plab davlat idoralari, shuningdek, bir qator mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari, jumladan AQSH elchixonasi joylashgan.
Bir kun avval AQSH Markaziy qo‘mondonligi Iroq g‘arbida o‘tkazilgan “Epik g‘azab” operatsiyasi vaqtida Amerikaning KC-135 turidagi yonilg‘i quyuvchi harbiy samolyoti halokatga uchraganini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, joriy yilning 12 martga o‘tar kechasi Eron Qurolli kuchlari Iroq qirg‘oqlari yaqinida ikkita tankerni nishonga olgani haqida xabar berildi. Kemalar “Qo‘shma Shtatlar bilan aloqasi bo‘lishi mumkinligi” sababli hujumga uchragani aytilmoqda.
Mazkur hujumlar joriy yilning 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga zarbalaridan so‘ng Yaqin Sharqda keskinlashgan mojaroning bir qismi sifatida baholanmoqda. Tehron javob operatsiyasini e’lon qilib, Isroil hududi hamda Fors ko‘rfazidagi AQSH harbiy bazalariga, jumladan BAA va Qatardagi ob’ektlarga zarba bera boshlagan.
Live
Barchasi