Bag‘doddagi AQSH elchixonasi hujumga uchradi (video)
Olam
−
12:01 2247 1 daqiqa
Kecha, 16 mart kuni tunda Iroq Mudofaa kuchlari Bag‘doddagi AQSH elchixonasiga yo‘naltirilgan dron hujumini qaytardi. Bu haqda “Al-Jazeera” telekanali xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, diplomatik missiya binosi yaqinida portlash ovozi eshitilgan.
Bir necha soat oldin esa “Al-Rashid” mehmonxonasi zarbaga uchragan – dron binoning yuqori qavatlariga kelib urilgan. Aynan shu qavatlarda Yevropa Ittifoqi va Saudiya Arabistoni diplomatik vakolatxonalari joylashgan.
Mazkur binolar “Yashil hudud” deb ataladigan hududda joylashgan bo‘lib, u yerda xorijiy elchixonalar va hukumat ob’ektlari joylashgan.
Iroq armiyasi Oliy bosh qo‘mondoni rasmiy vakili Saboh an-Numon o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ushbu hujumlarni tekshirish va aybdorlarni aniqlash topshirilganini ma’lum qilgan.
Harbiy amaliyot boshlanganidan beri Eron muntazam ravishda neft tankerlariga, shuningdek Yaqin Sharqdagi AQSH va Isroilga tegishli ob’ektlarga, jumladan Iroq hududidagilarga ham hujum qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Xarg va Abu Muso orollariga hujum qilganidan so‘ng Eron Birlashgan Arab Amirliklari hududidagi Amerika nishonlariga zarba berilishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Eron harbiy qo‘mondonligining “Xatam al-Anbiya” markaziy shtabi rasmiy vakili Ibrohim Zulfug‘oriyning so‘zlariga ko‘ra, Amerika kuchlari Eronning Abu Muso oroliga va Xarg orolining bir qismiga raketa zarbalari bergan.