AQSH Ar-Riyodda Rossiya va Ukraina bilan alohida muzokaralar olib bormoqda

Olam

image

Bugun, 24 mart kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida amerikalik vositachilar Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bilan alohida muzokaralar o‘tkazmoqda, chunki Vashington uch yildan ortiq davom etgan urushdan so‘ng Moskva va Kiyev o‘rtasida cheklangan sulhga erishmoqchi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.

AQSH va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar allaqachon boshlangan, Ar-Riyoddagi Ritz Carlton mehmonxonasida uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda. Saudiya Arabistoni Davlat xavfsizlik xizmati jurnalistlardan mehmonxonani tark etishni so‘ragan.

AQSHning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Ar-Riyoddagi bilvosita muzokaralarni Amerika delegatsiyasining tomonlar o‘rtasida harakatlanishi, Rossiya va Ukraina vakillari bilan “alohida xonalarda” uchrashuvlar o‘tkazishini “shatl diplomatiyasi” deb ta’rifladi.

Tramp Kellogdan Rossiya bilan muzokara o‘tkazish vazifasini olib tashladi north_east

Tramp Kellogdan Rossiya bilan muzokara o‘tkazish vazifasini olib tashladi

“Siz asosan “Shartlaringiz qanday?” deysiz, keyin boshqa tarafga borib, “Sizning shartlaringiz qanday?” deysiz”, deydi Kellogg o‘tgan hafta oxirida konservativ sharhlovchi Glenn Bek bilan suhbatda.

Qayd etish joiz, bir kun avval Ar-Riyodda Ukraina vakillari Amerika delegatsiyasi bilan muzokaralarning dastlabki bosqichini o‘tkazgan.

Muzokaralarning asosiy mavzulari

Muzokaralarning yangi bosqichidagi asosiy masala energiya infratuzilmasiga qarshi o‘t ochishdan 30 kunlik voz kechish bo‘lishi kutilmoqda. Rossiya ham, Ukraina ham ushbu qisman otashkesimga prinsipial ravishda kelishib oldi, ammo u hali amalga oshirilmadi.

Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini Qora dengizdagi kemalar uchun ham uzaytirishga harakat qilmoqda.

AQSHning yana bir maxsus vakili Stiv Uitkoff kecha, 23 mart kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida shunday prognoz qildi: 

“Menimcha, siz dushanba kuni Saudiya Arabistonida, xususan, Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sezilarli taraqqiyotni ko‘rasiz va u yerdan to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga o‘tishingiz mumkin”.

Yaqinda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashgan AQSH Prezidenti Donald Tramp urushni tezda tugatish ehtimoli haqida optimizm bildirishda davom etmoqda.

Zelenskiy Trampning 30 kunlik keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish rejasini qo‘llab-quvvatladi, biroq Putin bir qancha shartlarni, jumladan G‘arbdan Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatish talabini ilgari surdi.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistonidagi AQSH delegatsiyasi tarkibida bir nechta jamoalar, jumladan Kellogg va AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts bor. Ukraina bosh muzokarachisi Andriy Yermak ham Saudiya Arabistoniga boradi. Uchrashuvda Rossiyadan professonal diplomat Grigoriy Karasin va Putinning yaqin safdoshi, yuqori martabali razvedkachi Sergey Beseda ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Saudiya Arabistoni Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing