AQSH Afrikadagi muammoli hududda Marokash suverenitetini tan oldi

Olam

image

Marokash, AQSH va Isroil rasmiylari kecha, 22 dekabr kuni Marokash poytaxti Rabotda Qo‘shma deklaratsiya imzoladi. Bu haqda "Maghreb Arabe Press" axborot agentligi xabar bergan.

Ta’kidlanishicha, hujjat Marokash Bosh vaziri Saad ad-Din al-Usmoniy, AQSH Prezidentining katta maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner va Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Meir Ben- Shabbat tomonidan imzolangan. Marosim Marokash qiroli Muhammad VI ishtirokida o‘tkazilgan.

"AQSH Marokashning butun G‘arbiy Saxara hududi ustidan suverenitetini tan oladi va G‘arbiy Saxarada nizoni adolatli va uzoq muddatli hal qilishning yagona asosi sifatida avtonomiya berish to‘g‘risidagi Marokashning jiddiy, ishonchli va real taklifini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi", deya ta’kidlangan hujjatda.

Shuningdek, deklaratsiyada G‘arbiy Saxaraning iqtisodiy va tijoriy imkoniyatlarini oshirish uchun AQSH G‘arbiy Saxaraning Daxla shahrida konsullik ochishni rejalashtirgani ma’lum qilingan.

Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Marokash va Isroil o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganini e’lon qilgandi. 

G‘arbiy Saxara muammosi

G‘arbiy Saxara - Afrikadagi o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan hali foydalanmagan yagona hudud hisoblanadi. Afrikadagi mustamlakachilik davrida zamonaviy G‘arbiy Saxara hududi Ispaniyaga tegishli bo‘lgan. 1975 yilda Madrid ushbu hududlardan voz kechgan, ammo BMT Bosh assambleyasining sobiq mustamlakalarga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini kafolatlagan rezolyutsiyasiga zid ravishda Ispaniya G‘arbiy Saxara hududini Marokash va Mavritaniya o‘rtasida taqsimlagan. Bu mamlakat o‘z mustaqilligini e’lon qilsa, undagi hokimiyat bir necha yil oldin mustaqillik uchun qurolli kurash olib borgan Polisario fronti tashkilotidagi sotsialistlarga beriladi, deb qo‘rqqan AQSH bosimi ostida amalga oshirilgan.

Bunga javoban Polisario fronti bir tomonlama ravishda Saxara Arab Demokratik Respublikasini e’lon qilgan. Shundan so‘ng Jazoir ko‘magida Marokash va Mavritaniyaga qarshi urush boshlagan. Bir necha yil o‘tgach, Mavritaniya G‘arbiy Saxaradagi da’volaridan voz kechgan. Marokash, o‘z navbatida, AQSH va Fransiya ko‘magi bilan isyonchilarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. 1991 yilda tomonlar sulh bitimiga kelishib olgan, ya’ni, shu vaqtgacha hududning taxminan 80 foizi Marokash nazorati ostida bo‘lgan, qolgan 20 foizi Polisario fronti tomonidan nazorat qilingan.

Ma’lumot uchun, bir oy oldin G‘arbiy Saxarada 29 yil davom etgan sulh tugagan. Ammo Polisario fronti hozircha faol harbiy harakatlar boshlamagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh MAROKASh G'ARBIY SAXARA

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing