Agrar universitetidagi yong‘indan keyingi qoldiqlar (fotoreportaj)
Jamiyat
−
21 noyabr
5591Xabaringiz bor, joriy yilning 30 sentyabr kuni oqshomda Toshkent davlat agrar universiteti hududida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida Agrologistika va biznes fakultetining 9 qavatli binosi batamom yonib ketgan va Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi jiddiy zarar ko‘rgan edi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, yong‘in 2400 kvadrat metr maydonga tarqalib, amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida 1000 kvadrat metr maydon saqlab qolingan. Sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish ishlariga jami 27 ta texnika va 200 ga yaqin shaxsiy tarkib jalb qilingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.
Oradan ikki oy o‘tar o‘tmas QALAMPIR.UZ yong‘in sodir bo‘lgan hududga yana borib, atrofda amalga oshirilayotgan jarayonlarni kamera ob’ektiviga muhrladi.
Universitet matbuot xizmati rahbari Zarnigor Sodiqovaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, ta’lim dargohining talafot ko‘rgan 9 qavatli binosi ayni damda butkul buzib tashlangan va uning o‘rnida 9 qavatli bino hajmida 1200 o‘rinli 5 qavatdan iborat o‘quv binosi quriladi.
“Sig‘imi 9 qavatli bino hajmi bilan bir xil bo‘lgan yangi 5 qavatli o‘quv binosi qurilmoqda. Uning hajmi 1200 nafar talaba uchun mo‘ljallangan”, deydi rasmiy.
Shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosi Agrar universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, u yerda o‘quv binosi tashkil qilinadi. Ayni damda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Universitet xodimining qo‘shimcha qilishicha, 70 foiz talafot ko‘rgan yana bir o‘quv binosida ham qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Hukumat tarafidan bir qancha dastur loyihalari taqdim etilgan.
Zarnigor Sodiqova falokat oqibatida universitet moddiy jihatdan qancha zarar ko‘rgani va uni qayta qurish uchun byudjetdan necha pul ajratilgani haqida ma’lumoti yo‘qligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr