Bozorovning yonini olgan Pikulitskaga O‘zbekistonda rasmiy ishlashga ruxsat berilmaydi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

“Al Jazeera” telekanali muxbiri Agneshka Pikulitska-Vilchevskaning akkreditatsiyasi uzaytirilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ma’lum qildi.

“Al Jazeera” telekanali muxbiri Agneshka Pikulitska-Vilchevska tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilgani sababli Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deyiladi xabarda.

Agniyeshka Pikulitskadan qolgan xotiralar

Polshalik xalqaro mustaqil jurnalist Agniyeshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya berishni rad etgani va o‘tgan yil akkreditatsiya olganidan so‘ng vazirlikdan biriktirilgan xodim unga shilqimlik qilib, o‘pishga uringanini aytib chiqqandi.

Shundan so‘ng, bu holat shov-shuvga sabab bo‘ldi. Vaziyat yuzasidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva munosabat bildirdi va aybdor jazolanishini ta’kidladi.

Bu orada Pikulitska TIVga chaqirtirildi. Ammo tashkilotdagilar jurnalist aytayotgan xodimni tanimasligini, shuning uchun uni javobgarlikka tortish imkonsizligini aytgani haqida xabar berildi.

Oradan ko‘p o‘tmay, TIVning rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Unda vazirlik jurnalist ayoldan uzr so‘rab, avval topilmagan “shilqim” xodim ishdan bo‘shatilganini bildirdi.

Bo‘ladigan ish bo‘lib o‘tganidan keyin O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi holat yuzasidan bayonot berdi va akkreditatsiya masalasi ijobiy hal qilinishiga umid bildirdi.

Keyinchalinhk jurnalist O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovga oid bayonotlar bilan chiqqandi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi “niqoblangan holdagi shaxsiy adovati yoki hissiyotini bayon etayotgan mazkur jurnalist, ma’lumotlarni go‘yoki O‘zbekistonda ro‘y berayotgan “salbiy axborot” sifatida bir qator xorijiy internet-nashrlariga tarqatgan”ini qayd etib, uni asossiz ma’lumot tarqatishdan tiyilishga chaqirdi.

Pikulitska esa buni “jurnalist sifatida obro‘sizlantirishga urinish” deya baholab, vazirlikdan ommaviy kechirim so‘rashni talab qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

367

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing