Afrikaning yana bir davlatida to‘ntarish sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
30 avgust 2023
16086Gabonda harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.
Bir guruh yuqori martabali harbiylar “Gabon 24” telekanalida paydo bo‘lib, endi ular Markaziy Afrikadagi davlatga rahbarlik qilishini e’lon qilgan. Shuningdek, ular hokimiyat institutlarining tarqatilishini ma’lum qilgan.
Aytish joizki, mazkur to‘ntarish Gabon Saylov komissiyasi Prezident Ali Bongo uchinchi bor prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini e’lon qilganidan keyin sodir bo‘lgan. Isyonchilar ovoz berish natijalarini tan olmasligini aytdi.
Hozir Gabon poytaxti Librevilda otishma ovozlari eshitilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2009 yildan buyon Gabonni boshqarib kelayotgan 64 yoshli Prezident Ali Bongo Ondimba saylovlarda 64,27 foiz ovoz olib, shu tariqa uchinchi muddatga qayta saylangan. Uning asosiy raqibi, iqtisod professori Albert Ondo Ossa, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 30,77 foiz ovoz to‘plagan. Muxolifat prezidentni qonunbuzarlikda ayblamoqda.
Prezident oilasi mamlakatni 56 yildan beri boshqarib keladi – 1967 yildan buyon avvalgi davlat rahbari uning otasi Omar Bongo edi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning boy neft zaxiralariga qaramay, Gabon aholisining uchdan bir qismi qashshoqlik chegarasida yashaydi.
Ovoz berish xalqaro kuzatuvchilar ishtirokisiz, butun davlat bo‘ylab komendantlik soati va internetga kirish to‘xtatilgan holda o‘tkazilgan. Ayrim saylov uchastkalari juda kech ochilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Nigerda ham davlat to‘ntarishi bo‘lgandi. Prezident Muhammad Bazum hokimiyatdan ag‘darilib, general Abdurahmon Chiani boshchiligida “Vatanni qutqarish milliy kengashi” tashkil qilindi. Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) a’zolari Nigerda harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.
LiveBarchasi