Afrikada yana davlat to‘ntarishi uyushtirilgani aytilmoqda

Olam

image

Kongo Prezidenti Denis Sassu Ngessoning Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasiga ketishi fonida mamlakatda harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Bu haqda kecha, 17 sentyabr kuni “The Yoruba Times” gazetasi xabar berdi

“Kongo Respublikasida harbiy to‘ntarish sodir bo‘lyapti. Harbiylar poytaxtdagi muhim ob’ektlarni egallab olmoqda”, deb yozilgan nashrning X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Twitter) sahifasida.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay Kongo hukumati vakili Teri Mungalla davlat to‘ntarishi haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Brazzavilda ro‘y berayotgan jiddiy voqealar haqida aql bovar qilmaydigan ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Hukumat bu xabarni rad etadi. Biz jamoatchilikni tinchlik hukm surayotganiga ishontirib aytamiz va aholini osoyishtalikka chaqiramiz”, deb yozgan u Facebook'dagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, 79 yoshli Sassu Ngesso 1997 yildan beri Prezident sifatida Kongoni boshqarib keladi. O‘sha yili fuqarolar urushi natijada Sassu Ngesso prezidentlik lavozimini egallagan. Angola hukumati uning hokimiyatga kelishiga yordam bergan. U avval 1979 yildan 1992 yilgacha ham hokimiyat tepasida bo‘lgan. O‘shanda saylov natijalari tufayli uning hokimyati tugagan – Sassu Ngesso birinchi turda atigi 17 foiz ovoz olgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yil yozda Afrikaning ikkita davlatida to‘ntarishlar sodir bo‘lgandi. Birinchisi iyul oyi oxirida Nigerda bo‘lib, unga prezident gvardiyasi qo‘mondoni Abdurahmon Chiani boshchilik qilgandi. Niger Prezidenti Muhammad Bazum lavozimidan chetlatilgach, G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyati (ECOWAS, Afrika mintaqasining 15 mamlakatini o‘z ichiga oladi) avgust oyida isyonchilar hukumatiga harbiy aralashuv bilan tahdid qilgandi. Mali va Burkina-Faso Nigerdagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlagan va bosqin sodir bo‘lgan taqdirda mamlakatning yangi rahbariyatiga harbiy yordam ko‘rsatishga va’da bergan. Keyingi to‘ntarish esa 30 avgust kuni Gabonda sodir bo‘lgandi. Harbiylar mamlakatda hokimiyatni egallab oldi. Bunga 64 yoshli prezident Ali Bongo Ondimbaning yana (uchinchi) muddatga qayta saylangani sabab bo‘ldi. Uning oilasi 60 yildan beri hokimiyatda, Ali Bongo Ondimbaning o‘zi esa 14 yil davomida mamlakatni boshqargan. To‘ntarish Bongoning saylovdagi g‘alabasi e’lon qilinganidan keyin televideniye orqali e’lon qilindi. Isyonkor harbiylar ovoz berish natijalari bekor qilinganini e’lon qildi.

2017 yilda Zimbabveda, 2021 yilda Chad, Gvineya va Sudanda, 2020 va 2022 yillarda Mali va Burkina-Fasoda hukumat ag‘darilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afrika Kongo davlat to'ntarishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing